Telegram'ni Rossiya nazorat qilishi haqidagi gaplar raqobatchilarning hiylasi – Durov
Texnologiya
−
17 aprel
3590VKontakte va Telegram asoschisi Pavel Durov “Fox News” telekanalining sobiq boshlovchisi Taker Karlsonga intervyu berdi. Ayni paytda rossiyalik tadbirkor bilan suhbatni amerikalik jurnalistning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ko‘rish mumkin.
Ma’lum qilinishicha, intervyu 58 daqiqadan sal ko‘proq davom etgan.
"O‘sha kuni men konservatizmi bilan tanilgan Taker Karlson bilan gaplashdim. Siyosiy neytral platforma yetakchisi sifatida men turli siyosiy qarashlarni ifodalovchi jurnalistlar bilan muloqot qilishga majburman”, deb tushuntirgan Durov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shu tariqa u butun auditoriyaga nisbatan ochiq bo‘ladi va Telegram tarixini hammaga aytib bera oladi.
Durovning aytishicha, Telegram'ni yaratish g‘oyasi Rossiyada paydo bo‘lgan.
Uning bildirishicha, unga Rossiya rasmiylari VK foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlarini taqdim etishdan bosh tortishi fonida ukasi Nikolay bilan xavfsiz muloqot qilish usuli kerak edi.
Shuningdek, u Telegram Rossiya rasmiylari tomonidan nazorat qilinayotgani haqidagi da’volarni raqobatchilarning hiylasi deb atagan.
“Buni Telegram qayerdan kelgani haqida juda kam ma’lumotga ega odamlar aytadi. Ularni raqobatchilarimiz rag‘batlantirishi mumkin, ular buni bizni obro‘sizlantirishning yaxshi usuli deb bilishadi, chunki Telegram yong‘in kabi tarqalmoqda”, deydi Durov Karlsonga bergan intervyusida.
Intervyudagi asosiy fikrlar
Durovga ko‘ra, u San-Fransiskoda o‘ziga qilingan hujum tufayli AQSHda biznes bilan shug‘ullanmagan va Federal qidiruv byurosi tomonidan diqqat bilan kuzatilgan. Durovning so‘zlariga ko‘ra, AQSH hukumati Telegram foydalanuvchilari ustidan josuslik qilish vositalarini topmoqchi bo‘lgan.
“Men tushundimki, biz bu yerda juda ko‘p e’tiborni jalb qilamiz, bu biznes qilish uchun eng yaxshi imkoniyatlar emas", deydi Telegram asoschisi.
Bundan tashqari, u Telegram'ga asosiy bosimlar turli mamlakatlar hukumatlaridan emas, Apple va Google’dan keladi.
Durov AQSHda ishlab chiqilgan platformalar xavfsizligiga ishonmasligini va Telegramni siyosiy jihatdan neytral platforma deb bilishini aytgan.
Shu bilan birga, u Telegram reklama uchun bir dollar ham sarflamaganini, platformaning butun o‘sishi mutlaqo tabiiyligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Pavel Durov kamdan-kam intervyu beradi va video formatini o‘zi uchun katta noyob hodisa deb ataydi. 2024 yilning mart oyida Durov “Financial Times” gazetasiga yetti yil ichida birinchi yirik intervyu bergan.
Eslatib o‘tamiz, “Fox News” telekanalining sobiq boshlovchisi Taker Karlson 2024 yil fevral oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan intervyu oldi. Ikki soatlik video 9 fevralga o‘tar kechasi e’lon qilingan.
LiveBarchasi