Telegram qariyb 30 millionta kanalni o‘chirib tashladi
Texnologiya
−
15 avgust 6398 2 daqiqa
Joriy yilda Telegram 20,9 milliondan ortiq kanal blokladi va ushbu ko‘rsatkich messenjer tarixida birinchi marta qayd etildi. Bu haqda Telegram’ning rasmiy saytida xabar berildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 27 iyul kuni kunlik blokirovka bo‘yicha so‘nggi rekord kuzatilib, messenjer administratsiyasi 402 mingdan ortiq kanal va guruhni o‘chirgan. Shuningdek, joriy yilning 3 iyul kuni ham katta miqdorda – 314 mingdan ortiq kanal bloklangan.
Aniq sabablar oshkor etilmagan bo‘lsa-da, odatda bu turdagi choralarga messenjer qoidalarini buzgan kanallar va guruhlar duch keladi. Bunga firibgarlik va boshqa ruxsat etilmagan materiallar tarqatish kiradi. Yaqinda Telegram asoschisi Pavel Durov ham platformani tovlamachilik va “doksing” (kimningdir shaxsiy ma’lumotini uning roziligisiz tarqatish) bilan bog‘liq kanallardan tozalashni boshlaganini e’lon qilgan.
Ma’lumot uchun, yaqinda Telegram foydalanuvchi reytingi tizimini joriy qildi. Dunyoning eng ommabop messenjerlaridan biri tez orada foydalanuvchi xatti-harakatlarini baholash tizimiga ham ega bo‘ladi. Har bir foydalanuvchi interfeysda maxsus belgi orqali o‘z akkaunti darajasini bilishi mumkin bo‘ladi. Uning aniq maqsadi hozircha oshkor etilmagan, biroq taxminlarga ko‘ra, reyting foydalanuvchining to‘lov qobiliyatini ko‘rsatishi va qo‘shimcha funksiyalarni ochib berishi mumkin. Reytingni oshirish Telegram Stars yulduzlarini xarid qilish, sovg‘a qilish yoki ishlatish bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimol qilinmoqda – har 1000 yulduz uchun foydalanuvchi reytingi oshadi. Shuningdek, yangi tizim messenjerda kutilayotgan cheklovlar, jumladan, sovg‘alar xaridi bo‘yicha limitlar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada “jinoyatchilarga qarshi kurashish maqsadida” Telegram va WhatsApp’da qo‘ng‘iroqlarga qisman cheklovlar joriy etilgandi. Bu ikki messenjer Rossiya fuqarolarini aldash, pul undirib olish, shuningdek, diversiya va terrorchilik faoliyatiga jalb qilishda asosiy ovozli aloqa vositalariga aylangani qayd etilgan.