Telegram asoschisi Fransiyada hibsga olinishini “politsiya xatosi” deb atadi
Olam
−
25 avgust 2025 3533 1 daqiqa
Telegram asoschisi Pavel Durov o‘zining Fransiyada hibsga olinishini “politsiya xatosi” deb atadi. Bu haqda Durov o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
“Ajablanarlisi shundaki, meni fransuz politsiyasining xatosi tufayli hibsga olishdi: 2024 yil avgustigacha ular Fransiya va Yevropa Ittifoqi qonunlarini e’tiborsiz qoldirib, talab qilingan huquqiy tartib-qoidalar orqali Telegram'ga o‘z so‘rovlarini jo‘natmagan”, deb yozgan u.
Durovning so‘zlariga ko‘ra, oradan bir yil o‘tib tergov uning va Telegram'ning aybini aniqlay olmagan.
"Bizning moderatsiya amaliyotimiz sanoat standartlariga mos keladi va Telegram har doim Fransiyadan kelgan barcha qonuniy talablarga javob beradi", deya qayd etdi u.
Durovning aytishicha, uning hibsga olinishining yagona natijasi "Fransiyaning erkin davlat sifatidagi obro‘siga putur yetkazish"dir.
Shuningdek, u hibsga olinganidan bir yil o‘tib har 14 kunda Fransiyaga qaytishga majbur bo‘layotganini, shu bilan birga apellyatsiya muddati hali belgilanmaganini ta’kidladi.
O‘tgan yilning 24 avgust kuni Durov Parijdagi Le Burje aeroportida bir qator ayblovlar, jumladan, jinoiy guruh tarkibida noqonuniy operatsiyalarni amalga oshirish maqsadida onlayn-platformani boshqarishda ishtirok etganlikda ayblanib hibsga olingan edi.
Live
Barchasi