Fransiyadagi mojaro fonida Durov O‘zbekistonni maqtadi (video)
Olam
−
18 iyun 28097 3 daqiqa
Telegram asoschisi Pavel Durov O‘zbekistonga tashrif buyurgani va bundan mamnun ekanini aytdi. Bu haqda u amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Durov intervyuda Fransiyada yuz bergan hibsga olinishi voqeasini sharhlarkan, O‘zbekistonga qilgan safarini ham esga olgan. U hibsga olinishini nafaqat shaxsiy adolatsizlik, balki Fransiya hukumatining obro‘siga ham zarba deb atagan.
“Bunday qarorlar faqat qarindoshlarim, kompaniyam yoki men uchun emas, balki butun Fransiya uchun zararli”, deydi u.
Durov, shuningdek, doimiy ravishda Fransiya hukumati bilan hamkorlikka ochiq bo‘lganini aytib, yuz bergan voqeani “o‘z odamingga qarata otilgan o‘q” deb ta’riflagan.
Shuningdek, suhbatda bu kabi voqealarning biznes vakillarining Yevropaga munosabatiga qanday ta’sir qilayotgani haqida ham gap ketgan. Durovning aytishicha, uning ko‘plab tanishlari – yirik va kichik kompaniyalar rahbarlari endi Fransiyaga borish xavfsizmi, degan savol ustida bosh qotiryapti.
“Mening bir tanishim, startap rahbari: “Men bu yerga kelishdan qo‘rqardim” dedi”, deydi Telegram asoschisi.
Shu fonda Taker Karlson kutilmaganda O‘zbekistonni tilga olib, uni sobiq sovet respublikalari haqidagi stereotiplarga zid holda xavfsiz deb atagan. U O‘zbekistonda shaxsan bo‘lmaganini, biroq ushbu mamlakat haqida birorta ham salbiy fikr eshitmaganini ta’kidlagan.
“Men O‘zbekistonni reklama qilayotganim yo‘q. Lekin hali birorta odamni uchratmadimki, u “men O‘zbekistonga borishdan qo‘rqyapman”, degan bo‘lsa”, deydi Karlson.
Durov esa bunga javoban o‘tgan yili yozda O‘zbekistonda bo‘lganini va safardan mamnun bo‘lganini aytgan.
“Men bu faktni (ya’ni odamlar O‘zbekistondan qo‘rqmasligini) hatto bilmasdim. Ammo gap aynan shunda. Bolaligimizda primitiv yoki ishlar qonun emas, balki monarx istagiga qarab yuradigan tizim sifatida qabul qilingan ayrim davlatlar keyinchalik ko‘rinadiki, ular senga, menga yoki inson huquqlariga ishonadigan har qanday oddiy insonga nisbatan juda normal munosabatda bo‘ladi. Ammo Fransiya yoki Buyuk Britaniya – bu boshqa masala”, deya fikrini yakunlagan Karlson.
Eslatib o‘tamiz, Pavel Durov o‘tgan yili 24 avgust kuni kechqurun Parij aeroportida qo‘lga olingan. Fransiya hukumati Durovni hibsga olish uchun orderni 2024 yil 25 martda bergan. Shu bilan birga, uning akasi, Telegram asoschisi Nikolay Durovni hibsga olish uchun ham order berilgandi. Hibsga olish uchun orderlar “voyaga yetmaganlarning pornografik tasvirlariga egalik qilish, tarqatish yoki ulardan foydalanishni taklif qilishda ishtirok etganlik” uchun chiqarilgan.
26 avgust kuni tushdan keyin Fransiya prokuraturasi 12 ta jinoyat bo‘yicha noma’lum shaxslarga nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgani haqida press-reliz e’lon qildi. Ular orasida vakolatli organlar so‘roviga ko‘ra ma’lumot berishdan bosh tortish, voyaga yetmaganlarning pornografik tasvirlarini saqlashga sheriklik, giyohvand moddalarni tarqatishda ishtirok etish, xakerlik dasturlarini tarqatishda ishtirok etish kabilar bor.
28 avgust kuni Durov Parijda hibsdan 5 million yevro garov evaziga ozod qilindi. Unga Fransiyadan chiqib ketish taqiqlandi va haftasiga ikki marta politsiyaga xabar berib turishi sharti qo‘yildi.
Keyinroq esa Durov hozirgacha Fransiyani tark eta olmaganidan ajablanayotgani va bundan norozi ekanligini ma’lum qildi.
Live
Barchasi