Telefon suhbati ortidan Tailand Bosh vaziri lavozimidan chetlatildi
Olam
−
01 iyul 9651 2 daqiqa
Bugun, 1 iyul kuni Tailand Konstitutsiyaviy sudi mamlakat Bosh vaziri Pxetxongtxan Chinavatni Kambodja Senati raisi va sobiq bosh vaziri Hun Sen bilan bo‘lgan telefon suhbati ma’lumotlarining sizib chiqishi bilan bog‘liq janjal ortidan vaqtincha lavozimidan chetlatdi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Pxetxongtxan Chinavat va Kambodja Senati raisi Hun Sen o‘rtasidagi 15 iyun kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbati davomida Pxetxongtxan Tailand armiyasining ta’sirli shaxslaridan biri – 2-harbiy okrug qo‘mondoni haqida tanqidiy fikr bildirgan. Aynan ushbu bayonot jamoatchilik va siyosiy doiralarda kuchli norozilikka sabab bo‘ldi.
Gap shundaki, joriy yilning may oyida Kambodja bilan chegaradagi qurolli to‘qnashuvda bir kambodjalik askar halok bo‘lgach, bu masala ikki davlat o‘rtasida keskin tortishuvlarga sabab bo‘lgan. Pxetxongtxan ushbu muammoni yumshatishga harakat qilganini aytgan, ammo uning telefon orqali Tailand harbiylarini, ayniqsa jangovar harakatlar tarafdori sifatida ko‘rilayotgan qo‘mondonni tanqid qilishi muhim “qizil chiziq”ni bosib o‘tish sifatida ko‘rildi.
“Men faqat qanday qilib muammo chiqmasligiga, qanday qilib qurolli to‘qnashuvdan saqlanishga va askarlar qurbon bo‘lmasligiga erishishni o‘yladim. Agar men boshqa yetakchi bilan shunday gaplashib, bu salbiy oqibatlarga olib kelsa, buni hech qachon kechira olmayman”, deya izohlagan u o‘z suhbatini.
Pxetxongtxan keyinchalik bu so‘zlarni “muzokara taktikasining bir qismi” sifatida ham tushuntirgan va uzr so‘ragan, biroq bu yetarli bo‘lmadi. Bangkok markazida minglab konservativ va millatchi norozilar uning iste’fosini talab qilib miting o‘tkazdi.
Shundan so‘ng 36 nafar senator bosh vazirni etika normalarini buzganlikda ayblab sudga murojaat qilgan. Sud Pxetxongtxanga nisbatan yakuniy qaror chiqarilguniga qadar uni bosh vazirlik vazifalarini bajarishdan vaqtincha chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
“Sudyalar Pxetxongtxanning bosh vazirlik vakolatlarini vaqtincha to‘xtatishga ovoz berdi. Endi uning ustidan yakuniy qaror qabul qilinmaguncha bu lavozimda ishlay olmaydi. Biroq u yangi hukumat tarkibida madaniyat vaziri sifatida faoliyat yuritishda davom etishi mumkin”, deb yozdi Thai Enquirer nashri.
Eslatib o‘tamiz, 38 yoshli Pxetxongtxan Chinnavat ushbu lavozimni bor-yo‘g‘i 10 oy avval egallagan edi. Qiziq tomoni shundaki, u ham ilgari etik me’yorlarni buzganlikda ayblanib lavozimidan ketgan sobiq bosh vazir o‘rnini egallagandi. Xususan, Tailand Konstitutsiyaviy sudi oldingi bosh vazir Settha Txavisinni “qo‘pol tarzda” axloq me’yorlarini buzganlikda ayblab lavozimidan ozod etdi. Sud qaroriga uning ilgari qamoq jazosini o‘tagan bir shaxsni vazir etib tayinlagani sabab bo‘lgan.
Live
Barchasi