Tel-Avivda yana qurolli hujum bo‘ldi
Olam
−
11:12
4445Kecha, 21 yanvar kuni Isroil poytaxti Tel-Avivda marokashlik erkak pichoq bilan odamlarga hujum uyushtirib, to‘rt kishini yaraladi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.
Hujum kecha, 21 yanvar kuni restoranlari bilan mashhur Nahalat Binyamin ko‘chasi hududida, shuningdek, Gruzenberg ko‘chasida sodir bo‘lgan.
Tez yordam xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ikki erkak – 24 va 28 yoshdagilar o‘rtacha og‘irlikdagi jarohatlar olgan, yana ikki erkak – 24 va 59 yoshdagilar esa yengil jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazilgan.
“Ichilov shifoxonasi uch nafar jabrlanuvchini davolayotganini, jumladan, bo‘ynidan og‘ir jarohat olgan bir nafar bemor borligini ma’lum qildi. 29 yoshli xorijlik jinoyatchi hodisa joyida otib o‘ldirilgan”, deyiladi xabarda.
Isroil xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hujum qilgan 29 yoshli shaxs Marokash fuqaroligi, AQSHda yashash huquqi va chegara nazorat taloniga ega bo‘lgan. Oldinroq chegarani nazorat qilish va immigratsiya xizmati erkakning Isroilga kirishiga qarshi chiqqan, biroq Ben-Gurion aeroportida xavfsizlik xizmati uning kirishini tasdiqlagan. Hodisa terrorchilik hujumi sifatida tasniflangan.
“Men xavfsizlik xizmati rahbari Ronen Barni ushbu jiddiy voqeani imkon qadar tezroq tekshirishga va kerakli xulosalar chiqarishga chaqiraman”, dedi Isroil ichki ishlar vaziri Moshe Arbel.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq, 18 yanvar kuni Tel-Avivda noma’lum shaxsning pichoq bilan qilgan hujumi oqivatida bir necha kishi jarohat olgan edi. Mahalliy politsiya bu voqeani terrorchilik hujumi sifatida tasniflagan.
LiveBarchasi