Texnikum bitiruvchilarini OTMga imtihonsiz qabul qilish tartibi ishlab chiqildi

Jamiyat

image

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari huzuridagi texnikumlarning bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Nizom respublika oliy ta’lim muassasalari huzuridagi texnikumlarning kunduzgi ta’lim shaklini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari asosida o‘qishga qabul qilish tartibini belgilaydi.

Nizom loyihasiga ko‘ra, bunda o‘qish to‘lov-kontrakt asosida hamda texnikum bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli OTMning sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shakllariga amalga oshiriladi. 

Agar tegishli OTMda muayyan ta’lim yo‘nalishi (kursi) bo‘yicha sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shakli mavjud bo‘lmagan taqdirda kunduzgi ta’lim shakliga qabul amalga oshiriladi.

Qabul komissiyasi tomonidan har yili 5 iyuldan 25 iyulgacha texnikum bitiruvchilaridan hujjatlar qabul qilinadi. Texnikum bitiruvchilari oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyassiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

•    ta’lim yo‘nalishi, o‘quv tili, shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza;

•    mazkur oliy ta’lim muassasasi huzuridagi texnikumni tugatganligi haqidagi hujjat va uning ilovasi asl nusxalari;

•    pasportning nusxasi;

•    3,5 x 4,5 sm o‘lchamdagi 6 dona rangli fotosurat;

•    mazkur Nizomning 11-bandida qayd etilgan imtiyozlarni tasdiqlovchi hujjat (mavjud bo‘lsa).

OTMlarga yakka tartibdagi suhbat orqali qabul qilish uchun o‘tkaziladigan tanlovda ishtirok etuvchilar toifasiga texnikumda o‘qish davrida o‘zlashtirish baholari faqat “a’lo” va “yaxshi” bo‘lgan, shu jumladan, o‘zlashtirish baholarining kamida 50 foizi “a’lo” bo‘lgan fuqarolar kiradi.

Shuningdek, xalqaro tan olingan chet tilini bilish darajasi haqidagi sertifikat (TOEFL bo‘yicha kamida 72 yoki IELTS bo‘yicha kamida 5,5 ball, TestDaF (TDN3), CEFR bo‘yicha kamida V2) yoki DTM tomonidan beriladigan Chet tilini bilish darajasi haqidagi V2 yoki S1 darajasidagi sertifikatga ega bo‘lgan hamda muayyan ta’lim yo‘nalishiga mos fanlar bo‘yicha Respublika olimpiadasida sovrindor bo‘lgan (1-3-o‘rinni egallagan) texnikum bitiruvchilari suhbatdan ozod etiladi va talabalikka tavsiya etiladi.

Ma’lumot uchun, talabalikka tavsiya etilganlar belgilangan muddatlarda to‘lov-kontrakt shartlari bajarilgandan so‘ng oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan muayyan ta’lim yo‘nalishiga 2-kursga o‘qishga qabul qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

OTM texnikum

Baholaganlar

971

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing