Bog‘chadan OTMgacha. O‘zbekiston ta’lim tizimida nimalar o‘zgaryapti?

Jamiyat

“Xalqimizning kelajagi maktabdan boshlanadi. Chunki farzandlarimizga bilim va tarbiya berishning eng uzoq davom etadigan, kerak bo‘lsa, hal qiluvchi bosqichi bu – maktab ta’limidir”.

Bu so‘zlarni Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘qituvchi va murabbiylar bilan muloqotda aytdi. Barcha hududlardan 40 mingdan ziyod pedagoglar ulangan ushbu tadbir faqat bayram tabrigi va mukofotlanganlarni taqdirlash bilan o‘tmadi. Muloqot davomida ta’lim tizimidagi muhim yangiliklar e’lon qilindi. 

Har bir inson kim bo‘lib ishlashidan qat’iy nazar, bog‘cha, maktab, texnikum yoki oliygoh bilan qandaydir jihatdan bog‘langan. Kimningdir o‘zi, farzandi, aka-ukasi yoki opa-singlisi ushbu dargohda ta’lim oladi yoxud ta’lim beradi. Shunday ekan, bu yangiliklar barchamiz uchun ahamiyatli. Keling, shularni bir boshdan ko‘rib chiqamiz.

Bog‘cha opalar oliygohda o‘qitiladi

Prezident Mirziyoyev bog‘cha tarbiyachilari uchun muhim yangilikni aytdi. 

Hozirda 7 mingdan ortiq davlat bog‘chalarida 120 mingga yaqin pedagoglar bo‘lgani bilan ularning atigi 34 foizi oliy ma’lumotga ega. Lekin hozirda tarbiyachilarning maktab o‘qituvchilari kabi toifa olishi uchun oliygoh diplomi talab etiladi. Shu sababli oliy ma’lumotli va o‘rta ma’lumotli tarbiyachining oyligida farq bor.

Shu bois, davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilarini ishdan ajralmagan holda oliygohlarda o‘qitish yo‘lga qo‘yilib, yiliga 10 ming tarbiyachi oliy ma’lumotli qilinadi.

Yana bir yangilik. Xuddi Prezident maktablari kabi har bir viloyatda “Yangi avlod” bog‘chalari tashkil qilinib, ularda tarbiyachilar ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘rganadi. Eng muhimi, yangi metodikalarni o‘rganish uchun bu maskanlarning eshigi xususiy bog‘cha tarbiyachilariga ham doimo ochiq bo‘ladi. 

Shuningdek, endilikda xususiy bog‘chalardagi tarbiyachilar oyligi va bola xarajatining bir qismi ham byudjetdan qoplab beriladigan tizim joriy etiladi.

Bitiruvchilar maktabdagi imtihon natijalari bilan OTMga kiradi

O‘zgarishlar maktab ta’limida ham yetarlicha. Yangi o‘quv yilidan boshlab maktab davrida o‘quvchilarning qobiliyatiga qarab, kasb yoki oliy ta’limga yo‘naltirish uchun 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinadi. Shu orqali 400 mingga yaqin 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarga qamrab olinadi. O‘qishni maktabda davom ettirib, oliygohga kirish istagida bo‘lgan yoshlarga fanlar tanlov asosida chuqurlashtirib o‘tiladi. Bir so‘z bilan aytganda, maktabdagi yakuniy imtihon natijalari bilan bitiruvchilar xohlasa texnikumga, istasa oliygohga kira oladigan bo‘ladi.

Har yili o‘n minglab maktab o‘quvchilari xorijiy til va fanlar bo‘yicha xalqaro sertifikatlar olayotganini eshitgan bo‘lsangiz kerak. Endi bunday sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham tan olinishi aytildi.

Xabaringiz bor, o‘tgan hafta imzolangan Prezident qaroriga muvofiq, maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinmoqda. Bugungi muloqotda ushbu lovozimni egallaydigan shaxsning vazifalari aytildi. 

Maktab maslahatchisining lavozim maoshi umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti direktori o‘rinbosari lavozim maoshiga tenglashtiriladi, menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan maktab maslahatchilariga har oylik 30 foiz miqdorida qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi. Maktablarda o‘quvchilarning portfolio bazasi shakllantiriladigan "ERP.PORTFOLIO" platformasi yaratiladi. U maktab maslahatchilari tomonidan yuritiladi hamda 2028-2029 o‘quv yilidan maktab shahodatnomalarida qayd etiladi.

Maktab maslahatchilari 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishi va kasbiy qiziqishi bo‘yicha saralab, 9-sinfni bitirganida texnikumlarga yo‘naltiradi.

Texnikumdagi ustozlar ham sertifikat oladi

Endi navbat texnikumlarga keldi. 9-sinfni bitirib, texnikumga kirgan yoshlarga maktabga qaytib kelish imkoniyati beriladi. Shu bilan birga, 10-sinfga o‘tib, maktabda o‘qish fikridan qaytgan yoshlar ham ta’limni texnikumda davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, bu yil 11-sinfni bitirib, oliygohga kira olmagan 200 ming yoshlar ham texnikumlarda 3-6 oylik qisqa muddatli dasturlar asosida kasbga o‘qitiladi.

Xo‘sh texnikumga kirganlar nimani o‘rganadi, deysizmi? Muloqotda 2026 yil – "Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili" bo‘lishi qayd etildi.

Shu maqsadda Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinmoqda. Ushbu agentlik va hokimlarning asosiy vazifasi barcha 598 ta texnikumga yangi muhit olib kirish va xalqaro standartlarni joriy qilishdan iborat bo‘ladi.

Masalan, bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Koreya, Britaniya kabi davlatlarning ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning eng ilg‘or kasbiy ta’lim dasturlari joriy qilinishi belgilandi.

Bundan tashqari, kasbiy ko‘nikmasi bor istalgan talabgor ushbu texnikumlarda xorijiy davlatlarning malakani baholash tizimi orqali imtihondan o‘tib, xalqaro sertifikat olishi mumkin bo‘ladi.

Joriy o‘quv yilidan Angliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan hududlardagi 14 ta texnikumda “BITEK” xalqaro dasturi boshlandi. Bu orqali yoshlar xalqaro standartlar asosida turizm, axborot texnologiyalari, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika, energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda talab yuqori kasblarni egallaydi.

Kelasi yili sanoatda qariyb 45 milliard dollarlik 456 ta yirik loyiha boshlanadi. “Investor – tarmoq – texnikum” zanjiri asosida texnikumlarda dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi. Korxonalar bilan aniq loyihalari bo‘lgan texnikumlar o‘rtasida zamonaviy ustaxonalarni barpo qilish bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi. Tanlov g‘oliblariga ustaxona uchun zamonaviy uskuna va jihozlar, sport anjomlari olib beriladi.

Davlat rahbari texnikumdagi muallim va ustalarning malakasini, jamiyatdagi mavqeini oshirish bo‘yicha ham yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, maktabdagi kabi texnikumlarning o‘qituvchi va ustalari uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi. Shu orqali texnikum ustozlariga milliy sertifikat uchun oyligining 30 foizi, xalqaro sertifikatga esa 50 foizi miqdorida ustama to‘lanadi.

Shu bilan birga, texnikum direktori va o‘rinbosarlariga maktabdagi hamkasblaridan kam bo‘lmagan oylik qilib beriladi. Agar ular “Direktorlar maktabi”da menejerlik sertifikatini olsa, yana qo‘shimcha 20 foiz ustama to‘lanadi. 

Endilikda texnikumlarda ham oliygohlardagi kabi ilmiy daraja va unvonlar uchun ustamalar to‘lash yo‘lga qo‘yiladi. Har yili 500 nafar muallim ilg‘or xorijiy ta’lim tashkilotlariga, yana 500 nafar ustalar esa chet eldagi yirik korxonalarga stajirovkaga yuboriladi.

Xorijlik talabalar 5 baravar ko‘payadi

Oliy ta’limdagi islohotlardan asosiy maqsad O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim va ilm-fan xabiga aylantirish ekani ta’kidlandi. Masalan, hozirda 4 ta oliygoh dunyodagi TOP-mingtalikka kirgan. Yaqin yillarda ularning soni 10 taga yetkaziladi.

Shu bilan birga, oliygohlarda xorijiy TOP-500 talik universitetlar bilan axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, agrotexnologiya, tibbiyot, “yashil” energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.  Bundan tashqari, chet eldagi TOP-100 talikka kirgan oliygohlarning filiallari ochiladi. 

Xorijlik talabalar soni 5 barobarga oshirilib, ta’lim eksporti 200 million dollarga yetkaziladi.

Oliy ta’limning har bir yo‘nalishida, o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida tanlovlar o‘tkazilishi belgilandi. G‘oliblarga 250 million so‘mgacha pul mukofoti beriladi. Respublika tanlovida eng ko‘p g‘oliblari bo‘lgan oliygohlarga zamonaviy laboratoriya, ilmiy adabiyotlar va boshqa jihozlar uchun 1 milliard so‘mdan beriladi.

O‘qituvchilar uchun sovg‘a

Prezident Shavkat Mirziyoyev pedagoglarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surdi:

  • yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi; 
  • kelgusi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma beriladi;
  • o‘qituvchilar yangi ta’lim texnologiyalarini keng qo‘llashi uchun kompyuter xaridiga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi;
  • kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi 2 karra kamaytiriladi;
  • fan o‘qituvchilari kabi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama to‘lanadi;
  • bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi;
  • dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi;
  • reytingda 100 talikka kirgan maktab va bog‘cha, 20 talikdagi texnikum, TOP-10 ta oliygoh pedagoglariga yiliga bir marta O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezdlar chipta narxlariga 15-20 foiz chegirma beriladi.

Tadbirda Shavkat Mirziyoyev yuksak unvon, orden va medallarni o‘z egalariga topshirdi.


Maqola muallifi

Teglar

OTM talaba Shavkat Mirziyoev maktab bog'cha o'qituvchi universitet o'quvchi ta'lim tizimi texnikum professor oliygoh ustoz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing