Texasda suv toshqinlari qurbonlari soni 100 dan oshdi
Olam
−
08 iyul 2358 1 daqiqa
AQSHning Texas shtatidagi oltita okrugda kuchli suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida 104 nafarga yetdi. Bu haqda NBC News telekanali xabar berdi.
Rasmiylarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning aksariyati (84 nafari) Kerr okrugida vafot etgan. Ular orasida 56 nafar katta yoshdagilar va 28 nafar bolalar bor. Qidiruv-qutqaruv ishlari hali ham davom etmoqda.
Yana yetti kishi Travis okrugida, to‘rt kishi Burnet okrugida, olti kishi Kendall okrugida halok bo‘lgan. Uilyamson okrugida ikki, Tom Grin okrugida esa bir kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Suv toshqiniga sabab kuchli yomg‘ir yog‘ishi bo‘lgan. Kerr okrugi sudyasi Robert Kelli evakuatsiya oldindan amalga oshirilmaganini, chunki oqibatlar ko‘lamini oldindan bashorat qilib bo‘lmasligini aytdi. Milliy meteorologiya xizmati esa Guadalupe daryosi o‘z qirg‘og‘idan toshib chiqishidan uch soat oldin ogohlantirishlar yuborilganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Texas shtatida sodir bo‘lgan kuchli suv toshqinlari oqibatida so‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra kamida 80 kishi, jumladan 28 nafar bola halok bo‘lgani xabar qilingan edi.
Live
Barchasi