TDAU test sinoviga futbolkada kelgan abituriyent binoga kiritilmadi
Jamiyat
−
05 avgust 2019
7183Joriy yilning Toshkent davlat agrar universitetiga o‘qishga hujjat topshirgan abituriyentlardan biri – Bekzod Abdulazizov 1 avgust kuni bo‘lib o‘tgan test sinovlarida ishtirok etish uchun ichkariga kiritilmagan. Bunga esa uning test sinovlarida oq ko‘ylakda kelmagani ro‘kach qilingan. Xo‘sh, bunga DTM va OTMlarda testlarni tashkil etuvchi mas’ullarning haqqi bormi? O‘rnatilgan tartibda hujjat topshirib, kamiga testda qatnashish uchun belgilangan pulni to‘lagan abituriyentga bunday munosabat ko‘rsatilishi to‘g‘rimi? Hali talaba maqomini olmagan yigit-qizlardan forma talab qilish kerakligi qaysi qonun yo qonunosti hujjatlarda yozilgan. Ushbu savol bilan QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova Davlat test markazi Test sinovlarini tashkil etish va nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Diyorbek Qo‘chqorovga murojaat qildi.
“Bunday murojaat bizga yetib kelgani yo‘q. Davlat test markazi tomonidan abituriyentlarning kiyimiga talab qo‘yilmagan. Har bir abituriyent o‘zi xohlaganicha holatda kelishi mumkin. Abituriyent shaxsini tasdiqlovchi hujjat – pasport bilan o‘z vaqtida test sinovlariga kelsa, unda ishtirok etishi ta’minlanadi. Oq ko‘ylakmas, futbolkada kelgan bo‘lsa uni kiritilmasin degan tartib joriy qilinmagan”.
Boshqarma boshlig‘i so‘zida davom etarkan, DTM 1992 yildan buyon mamlakatda oliy o‘quv yurtlariga kirish test sinovlariga bosh-qosh bo‘lib kelayotgani, ammo forma yuzasidan hech qanday talab joriy etmaganini qo‘shimcha qildi.
“DTM 92-yildan buyon test sinovlari o‘tkaziladi. Hech qachon sen futbolkada kel, sen oq ko‘ylakda kel degan topshiriq bermagan”.
DTM Test sinovlarini tashkil etish va nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Diyorbek Qo‘chqorov Toshkent davlat agrar universitetidagi test sinovlariga futbolkada borgani uchun kiritilmagan abituriyentning ism-sharifini yozib oldi va vaziyatni o‘rganib chiqishini va’da qildi. O‘shandan buyon oradan uch kun vaqt o‘tdi, biroq hali aytarli javob berilgani yo‘q.
LiveBarchasi