Tbilisi Kiyevdan sanksiya yuzasidan tushuntirish kutmoqda
Olam
−
03 iyul 2023
6666Bugun, 3 iyul kuni Ukrainaning muvaqqat ishlar bo‘yicha vakili Aleksandr Shulga Gruziya Tashqi ishlar vazirligiga Kiyev hukumati tomonidan Georgian Airways aviakompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy etilishi munosabati bilan tushuntirish olish uchun taklif qilindi. Bu haqda Gruziya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lumki, Georgian Airways joriy yilning may oyidan Moskvaga yo‘lovchi reyslarini amalga oshira boshlagan. Kompaniya asoschisi Tamaz Gaiashvili esa Ukraina tomonining sanksiyalar bo‘yicha qarorini “siyosiy sabablar” deb bilishini aytgan.
“Dunyodagi hech bir aviakompaniya u yoki bu davlat bilan havo qatnovini boshlash yoki to‘xtatish vakolatiga ega emas. Bularning barchasi ikki davlat hukumatlari tomonidan tartibga solinadi va biz bu qoidalarga rioya qilishga majburmiz”, degan Gaiashvili.
Uning ta’kidlashicha, Rossiyaga yuzlab yo‘lovchi reyslari Turkiya, arab davlatlari, Isroil, Armaniston, Ozarbayjon, Markaziy Osiyo davlatlarining aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi, biroq Ukraina ularga qarshi sanksiyalar e’lon qilmagan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 1 iyul kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Georgian Airways aviakompaniyasi va uning asoschisi Gaiashviliga qarshi sanksiyalar joriy qilgandi.