Tayvanning suvosti kemasi sinov payti nosozlikka uchradi

Olam

image

Xitoy Respublikasining mahalliy Hai Kun suvosti kemasi dengiz sinovlari vaqtida jiddiy texnik nosozlikka duch keldi. Bu haqda “Mirror Media” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, sinov jarayonida gidravlik tizim ishdan chiqqan. Oqibatda boshqaruv mexanizmining muhim qismi bo‘lgan X shaklidagi orqa rul ishlamay qolgan. Dengizchilar fojia yuz bermasligi uchun uni qo‘lda boshqarishga majbur bo‘lgan.

Hodisa suvosti kemasining ikkinchi dengiz sinovi vaqtida yuz bergan. Ma’lum qilinishicha, barcha gidravlik tizimlar birdaniga ishlamay qolgan va X shaklidagi orqa rul butunlay harakatsiz holatga kelgan. Hai Kun bortidagi xizmatchining aytishicha, barchasi juda qisqa vaqtda sodir bo‘lgan.

“Gidravlik tizim to‘liq ishdan chiqdi, X shaklidagi rul umuman burilmay qoldi. Shunda barcha dengizchilar boshqaruv bo‘limida saf tortib, rulni navbatma-navbat qo‘l kuchi bilan aylantirishga majbur bo‘ldi. Aynan shu yo‘l bilan suvosti kemasi xavfli holatdan chiqarildi”, deydi manba.

​Hai Kun Tayvanning “Indigenous Defense Submarine” dasturi doirasida qurilgan birinchi kema bo‘lib, loyiha “CSBC Corp. Taiwan”  kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Harbiylar va kemasozlar sinovlar eng yuqori xavfsizlik standartlari asosida o‘tkazilayotganini bir necha bor ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misrda bortida 220 nafar sayyoh bo‘lgan kema yonib ketgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tayvan suvosti kema

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing