Tayvan va Xitoyni ikkiga ajrata oladigan hech qanday kuch yo‘q – Si Szinpin
Olam
−
11 aprel
7354Materik Xitoy va Tayvanni ajratib qo‘ya oladigan hech qanday kuch yo‘q. Bu haqda XXR raisi Si Szinpin kecha, 10 aprel kuni Pekinda Tayvan ma’muriyati sobiq rahbari Ma Inszyu bilan uchrashuvi chog‘ida aytib o‘tdi.
"Bo‘g‘ozning har ikki tomonidagi vatandoshlarning hal qilib bo‘lmaydigan muammolari va muhokama qilib bo‘lmaydigan tashvishlari yo‘q. Bizni ajratib qo‘yadigan kuch yo‘q", degan Si Szinpin.
U Tayvan bo‘g‘ozining har ikki tomonida yashovchi xitoylarning yagona millatga mansublik hissini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
“Xitoy xalqining mushtarakligi to‘g‘risida qat’iy ravishda xabardorlikni shakllantirish kerak. Bo‘g‘ozning ikki qirg‘og‘idagi vatandoshlar azaldan bir oila bo‘lib kelgan va ular bir-birlariga tez-tez bordi-keldi qilib turishi kerak”, degan Xitoy rahbari.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Pekin bo‘g‘ozlar bo‘ylab almashinuvni faol rivojlantirish choralarini ko‘radi. Si Szinpin vatandoshlar uchun Xitoy madaniyati muhimligini ta’kidladi. U xitoyliklarni “bir millatga mansublik tuyg‘usini, o‘zlikni anglash va or-nomus hissini kuchaytirishga” chaqirdi.
Si Szinpin bo‘g‘ozning har ikki tomonidagi yoshlar bir-biridan o‘rganib, bir-biriga suyanib, “tarixiy estafetani munosib o‘tkazib, millatni yoshartirishga hissa qo‘shishiga” umid bildirdi.
Shuningdek, u Tayvan mustaqillik harakati tarafdorlarining “separatistik faoliyatiga qat’iy qarshilik ko‘rsatish” zarurligini ta’kidladi.
"Xitoy xalqi har doim mamlakatni bo‘linib bo‘lmaydi, davlatni tartibsizlikka botib bo‘lmaydi, xalqni tarqatib bo‘lmaydi va sivilizatsiyani sindirib bo‘lmaydi, degan umumiy fikrga ega", deya qo‘shimcha qildi u.
Tayvanning TVBS telekanalining xabar qilishicha, so‘nggi uchrashuv chog‘ida Si Szinpin va Ma Inszyu o‘rtasidagi qo‘l siqish 81 soniya davom etgan. Biroq, bu safar ular o‘zlarini 15 soniyalik qo‘l siqish bilan cheklashdi. Pekindagi Xalq majlislari zalida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Si Szinpin suhbatdoshini “janob Ma Inszyu” deb tilga olgan bo‘lsa, Tayvanning sobiq rahbari Xitoy yetakchisiga o‘zining ismi va partiya unvoni, bosh kotib nomi bilan murojaat qildi. Ularning suhbati taxminan bir soat davom etdi, shundan so‘ng orolning sobiq ma’muriyati rahbari kortejga qaytib, Xalq uyini tark etdi.
Tayvanning sobiq rahbari 1 aprelda Xitoyga borgan. Safar davomida u Guandun, Shensi va Pekin provinsiyalarida bo‘ldi. Tashrif bugun, 11 aprel kuni yakunlanishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Ma Inszyu 2008 yildan 2016 yilgacha Tayvanning ijrochi direktori lavozimida ishlagan. U Tayvan bo‘g‘ozidagi vaziyatni yumshatishga hissa qo‘shdi va materik Xitoy bilan iqtisodiy yaqinlashish siyosatini olib bordi. 2015 yilning 7 noyabr kuni Singapurda Si Szinpin va Ma Inszyu o‘rtasida tarixiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi – bu Xitoy fuqarolar urushi tugaganidan keyin XXR va Tayvan yetakchilarining birinchi oliy darajadagi uchrashuvi edi.
LiveBarchasi