Tayvan Rossiyaga harbiy dastgohlar yetkazib berishni to‘liq to‘xtatdi
Olam
−
03 noyabr
4769Joriy yilning 1 noyabr kuni Tayvan Rossiyaga harbiy korxonalarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan dastgohlar yetkazib berish butunlay to‘xtatilganini e’lon qildi. Bu haqda Tayvan Iqtisodiyot vazirligi xabar berdi.
Vazirlikka ko‘ra, OAVda bunday jo‘natmalar bo‘yicha qator tekshiruvlar e’lon qilinganidan keyin eksport nazorati qoidalari kuchaytirilgan. Xususan, Rossiya va Belarusga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni birlamchi buzganlik uchun jarima miqdori sezilarli darajada oshirildi – 1 million Tayvan dollari (taxminan 31 ming 100 AQSH dollari). Bundan tashqari, Iqtisodiyot vazirligi ishlab chiqaruvchilar bilan faol tushuntirish ishlari olib borilayotgani, ularni qonunchilikka rioya qilishga va mahsulotlarning yakuniy oqimini nazorat qilishga chaqirayotgani haqida xabar berdi.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu ishlar allaqachon o‘z natijalarini bergan va Tayvandan Rossiyaga dastgohlar eksporti hajmi nolga kamaygan.
Shu yilning yanvar oyida Rossiyaning “The Insider” nashri va Tayvanning “The Reporter” nashri qo‘shma tekshiruvni e’lon qilgandi, unda Tayvan hukumatning Ukrainaparast pozitsiyasiga qaramay, Rossiya armiyasi korxonalari uchun metallga ishlov berish dastgohlarining asosiy yetkazib beruvchisiga aylangani ta’kidlangan. Nashrlar bu eksportning Turkiya kabi uchinchi davlatlar orqali amalga oshirilayotganiga ishora qilgan. Fevral oyida Taypey maqolada keltirilgan bir nechta Rossiya kompaniyalariga qarshi sanksiyalar kiritgan edi.
Iyul oyida “The Insider” tomonidan yangi tadqiqot e’lon qilingandi. Tayvanning Giant Force kompaniyasi Rossiyaga raketa korpuslarining issiqlikka chidamli qoplamasini sinovdan o‘tkazish uchun ajralmas qurilma – tuzli tuman kamerasini yetkazib berish cheklovlarini chetlab o‘tish niyatida ekanligi ma’lum qilingandi. Nashrning yozishicha, bu sxemada Tayvan kompaniyasining Xitoy zavodi, Malayziya transport kompaniyasi va Qirg‘iziston banki ishtirok etgan. Natijada, ikki maqsadli tovarlar eksporti uchun sanksiyalardan qo‘rqqan banklar, jumladan, Xitoy banklarining hushyorligi tufayli yetkazib berish to‘xtatilgan.
Tayvan dastgohlarini Rossiyaga yetkazib berish Britaniya Qirollik birlashgan mudofaa tadqiqotlari instituti va Amerika razvedka agentliklari uchun ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarni tahlil qiluvchi AQSHning Ochiq manbalar markazi hisobotlarida ham qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tayvan Mudofaa vazirligi Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining ikkita kemasi orolning sharqiy qirg‘oqlari bo‘ylab o‘tganini qayd etgandi. Tayvan Qurolli kuchlari Rossiya fregatlarining harakatini kuzatgan, buning uchun samolyotlar, kemalar va qirg‘oq raketa tizimlari jalb qilingandi.