Tayvan masalasi Xitoyning ichki ishi – Pekin
Olam
−
15 yanvar
4820Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Tayvan masalasi oroldagi o‘zgarishlardan qat’i nazar, XXRning ichki ishi bo‘lib qolishini bildirdi. Bu haqda Xitoy TIV vakilining oroldagi saylovlar yakunlari bo‘yicha vazirlik saytida e’lon qilingan bayonotida ma’lum qilindi.
“Tayvan masalasi Xitoyning ichki ishi. Tayvanda qanday o‘zgarishlar yuz bermasin, dunyoda faqat bitta Xitoy borligi va orol Xitoyning bir qismi ekanligi o‘zgarmaydi”, deyiladi bayonotda
Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi qoshidagi Tayvan ishlari bo‘yicha boshqarmasi vakili Chen Binxua ham hududdagi saylov natijalarini xuddi shu ruhda izohlagan.
“Xitoy hukumatining “Yagona Xitoy” tamoyilini qo‘llab-quvvatlash va “Tayvan mustaqilligi”, “Ikki Xitoy” va “Bir Xitoy, bir Tayvan” shiorlari ostidagi separatizmga qarshi turish bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmaydi”, deyiladi TIV bayonotida.
Shuningdek, unda “yagona Xitoy” tamoyiliga amal qilish bo‘yicha “xalqaro hamjamiyatning hukmron konsensusi” o‘zgarishsiz qolishi ta’kidlangan.
“Yagona Xitoy” tamoyili Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik va barqarorlikni ta’minlashning mustahkam poydevoridir”, deydi vazirlik.
Shuningdek, hujjatda xalqaro hamjamiyat “yagona Xitoy” tamoyiliga amal qilishda davom etishi va o‘z xalqining ushbu “separatistik faoliyat”ga qarshi turishi va milliy birlashishga intilishdagi adolatli ishini tushunishi va qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bildirilgan.
Ma’lumot uchun, Pekin Tayvanni Xitoy Xalq Respublikasi provinsiyalaridan biri deb bilsa-da, orol 1949 yildan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shanda Chang Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchraganidan keyin u yerga qochib ketgan va oroldagi hokimiyatni egallagan.
Eslatib o‘tamiz, 13 yanvar kuni Tayvanda ma’muriyat rahbari va orolning qonun chiqaruvchi yuan (parlament) deputatlari saylandi. Ma’muriyat rahbarining amaldagi o‘rinbosari, Tayvan Demokratik progressiv partiyasi vakili Lay Sinde orolning yangi yetakchisi lavozimi uchun kurashda g‘alaba qozondi – u 40,05 foiz ovoz oldi. Asosiy muxolifatdagi Gomindan partiyasi vakili Xou Yui 33,49 foiz, markazchi Tayvan Xalq partiyasi raisi Ke Venchje 26,46 foiz ovoz oldi. Muxolifat saylovlarda mag‘lubiyatga uchraganini tan oldi.
AQSH Prezidenti Jo Bayden esa Vashington Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi.
LiveBarchasi