Tayvan elchixonasida Gaiti Prezidentini o‘ldirishda gumon qilinganlar hibsga olindi 

Olam

image

Gaiti poytaxti Port-o-Prensdagi Tayvan elchixonasi hududida politsiya tomonidan o‘tkazilgan operatsiya davomida mamlakat Prezidenti Jovenel Moizni o‘ldirish ishi bo‘yicha 11 nafar gumonlanuvchi hibsga olindi. Bu haqda diplomatik vakolatxona matbuot xizmatiga tayanib xabar berilgan. 

Xabar qilinishicha, kecha, 8 iyul kuni ertalab vakolatxona xodimlari Gaiti politsiyasi zobitlari davlat rahbarini o‘ldirishda gumon qilinganlarni ta’qib qilish uchun diplomatik vakolatxona hududiga borishlari kerakligi to‘g‘risida ma’lumot olgan. Elchixona xodimlari bunga rozi bo‘lgan. 

Diplomatik vakolatxona operatsiya muammosiz o‘tganini ta’kidlagan. 

“Gaiti politsiyasi ularni (gumonlanuvchilarni) so‘roq qilish uchun olib ketdi”, deya qo‘shimcha qilingan matbuot xizmati xabarida. 

Bungacha esa, Gaiti milliy politsiyasi rahbari Leon Sharl Moizga suiqasd qilishda qatnashgan 28 kishidan iborat jinoyatchilar guruhiga 26 nafar Kolumbiya fuqarosi va AQSH fuqaroligiga ega bo‘lgan Gaitining ikki fuqarosi kiritilganini ma’lum qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, 7 iyulga o‘tar tunda Gaiti Prezidenti Jovenel Moiz mamlakat poytaxti Port-o-Prenseda joylashgan Pelerin qarorgohida o‘ldirib ketildi. Respublika Bosh vaziri Klod Jozefning so‘zlariga ko‘ra, hujumni amalga oshirgan noma’lum shaxslar guruhining ba’zilari ispan tilida gaplashgan. Gaitida esa fransuz tili rasmiy til hisoblanadi, lekin aholining deyarli hammasi gaiti kreol tilida gaplashadi. 

Hujumda Jovenel Moizning rafiqasi Martin Moiz ham jarohat olgan. Keyinchalik uning o‘limi haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan, ammo Gaitining Dominikan Respublikasidagi elchixonasi bu xabarlarni rad etgan. Keyinchalik, Gaitining AQSHdagi elchisi Bokchit Edmond Respublikaning birinchi xonimi Martin Moiz davolanish uchun Mayamiga olib borilishini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

qotillik Gaiti

Baholaganlar

191

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing