Tailandda maktab avtobusi yonib ketdi. 25 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
01 Oktabr
2747Bugun, 1 oktyabr kuni Tailand poytaxti Bangkok chekkasida o‘quvchilar va o‘qituvchilarni olib ketayotgan maktab avtobusi yonib ketishi oqibatida 25 ga yaqin odam halok bo‘ldi, 16 nafar yo‘lovchi shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, politsiya jarohatlanganlar yoki halok bo‘lganlar sonini darhol tasdiqlay olmagan, biroq ichki ishlar vaziri Anutin Charnvirakul jurnalistlarga 25 ga yaqin odam halok bo‘lgani taxmin qilinayotganini ma’lum qilgan va boshqa hech qanday ma’lumot bermagan.
Transport vaziri Suriya Jungrungreangkitga ko‘ra, 16 o‘quvchi va 3 o‘qituvchi shifoxonaga yuborilgan. Hodisa sabablari tekshirilmoqda.
Qayd etilishicha, voqea joyiga o‘t o‘chirish, politsiya va qutqaruv mashinalari yetib borgan va yong‘in o‘chirilgan.
Mamlakat Bosh vaziri Pxetxongtxan Chinavatning ma’lum qilishicha, o‘quvchilar poytaxtdan 250 km shimolda joylashgan Utxaytxani provinsiyasida safarda bo‘lgan.
“Men ona sifatida oilalarga chuqur hamdardlik bildiraman”, deydi Bosh vazir X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nigeriya markazida 63 nafar bolani olib ketayotgan avtobus halokatga uchrashi oqibatida kamida 40 kishi qurbon bo‘lgan edi.
LiveBarchasi