Tatyana Karimova saylovda Mirziyoyevga ovoz berganini isbotlashga urinmoqda
Jamiyat
−
11 iyul 2023
51225O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimova Instagram’dagi sahifasi orqali 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Shavkat Mirziyoyevga ovoz berganini isbotlashga urinmoqda.
Gap shundaki, u 10 iyul kuni saylov uchastkasida ovoz berayotgani tasvirlangan suratni bir necha bor ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylashtirib, o‘chirib yubordi. Avvaliga Karimova xonim joylagan aynan shu ko‘rinishdagi surat ijtimoiy tarmoqdagi ayrim sahifalarda tarqaldi va byulletenda qaysi nomzod belgilangani ko‘rinmagani bois "Tatyana Karimova saylovda hech kimga ovoz bermadi" nomli xabarlar paydo bo‘lishiga olib keldi.
So‘nggi joylagan suratida Karimova xonim saylov byulletenida Shavkat Mirziyoyev nomzodini belgilaganini ko‘rsatishga uringan va quyidagicha izoh qoldirgan.
“Qadrli do‘stlar, afsuski, internetda bugun qo‘ygan suratim bilan bog‘liq ataylab buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar paydo bo‘ldi va aniqlik kiritishni lozim deb bilaman.
Ijtimoiy tarmoqqa joylashda surat sifati yomonlashishi va suratdagi ayrim detallar aniq ko‘rinmasligini hamma yaxshi biladi. Mana, bugun e’lon qilingan asl fotosurat, bu mening tanlovimni aniq ko‘rsatib turibdi”.
Ma’lumot uchun, avgustda 75 yoshni qarshilaydigan Tatyana Karimova turmush o‘rtog‘i Islom Karimovning vafotidan keyin Toshkentda yolg‘iz istiqomat qilib kelmoqda. Uning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bir qator jinoyatlarda ayblanib, qamoqda saqlanmoqda. Gulnoraning o‘g‘li Islom bobosi vafotidan buyon Londondan kelgani yo‘q. Qizi Imon esa vaqti-vaqti bilan Toshkentga kelib turadi.
Oilaning kenja qizi Lola Karimova-Tillyayeva esa turmush o‘rtog‘i bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. Uning qizi Maryam ko‘pincha vaqtini Toshkentda o‘tkazmoqda.
LiveBarchasi