Tashiyev jurnalistlar savollarini javobsiz qoldirmoqda
Olam
−
13:29 3351 4 daqiqa
Bishkek shahrining Birinchi may tuman sudida sobiq mansabdor Qamchibek Tashiyevga oid ish bo‘yicha navbatdagi sud jarayonida Tashiyev jurnalistlarning savollarini javobsiz qoldirdi hamda sud jurnalistlarga jarayondan jonli translyatsiya qilishni cheklab qo‘ydi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 15 iyun kuni sobiq davlat qo‘mitasi rahbari sud binosiga kelganida jurnalistlar unga bir qator savollar bilan murojaat qilgan. Biroq Tashiyev OAV vakillarining hech bir savoliga javob bermagan.
Avvalroq, jurnalistlarga sud zaliga kirishga ruxsat berilgandi. Qayd etilishicha, iltimosnomalarni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha sudya foto va videotasvirga olishga ruxsat bergan, ammo onlayn translyatsiyani taqiqlagan. Shu bilan birga, sudya, prokuror va sud kotibini tasvirga olishni ham cheklab qo‘ygan.
Manbaga ko‘ra, “75 lar xati” deb nomlangan ish bo‘yicha sud muhokamasi ochiq tarzda o‘tkazilishi haqida avvalroq qaror qabul qilingan. Shuningdek, ish materiallaridan maxfiylik grifi olib tashlangan.
Ma’lumot uchun, jinoyat ishi “75 lar xati” nomi bilan tanilgan siyosatchilar va jamoat arboblari murojaati bilan bog‘liq. Tergov talqiniga ko‘ra, ushbu murojaatda hokimiyatni o‘zgartirishga chaqiriq alomatlari mavjud bo‘lgan.
Ish figurantlari orasida Qamchibek Tashiyevdan tashqari sobiq bosh prokuror Qurmanqul Zulushev, Jogorku Keneshning sobiq spikeri Nurlanbek Turg‘unbek ug‘li hamda mamlakatning yana bir qator sobiq siyosatchilari bor. Ularga nisbatan hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish ayblovlari qo‘yilgan.
Tashiyev iste’fosi
Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.
Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi.
2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.
Japarov va Tashiyev tandemi
Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.
Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.
2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.
Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.
So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi