Tashiyev xalqdan namoyish o‘tkazmaslikni so‘radi

Olam

image

Bugun, 29 aprel kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev o‘ziga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqidagi xabarlar fonida fuqarolarni qonunga rioya qilishga chaqirib, norozilik namoyishlaridan tiyilishni so‘radi. Bu haqda uning Facebook’da e’lon qilingan murojaatida so‘z boradi.

Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, u jamiyatda ko‘plab murojaatlar va xavotirlar paydo bo‘lgani sabab fuqarolarga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

“Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha o‘zimni huquqiy jihatdan himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarga egaman. Men aybsizman va Xudo xohlasa, oqlanaman”, deydi u.

Tashiyev, shuningdek, agar kimdir aybdor bo‘lsa, albatta javobgarlikka tortilishini, agar inson aybsiz bo‘lsa, oqlanishini ta’kidlagan.

“Chunki mamlakatimizda davlat rahbari tomonidan adolatli sud tizimini shakllantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Masalan, “Kampirobod” ishi bo‘yicha 25 kishi oqlangan”, deydi u.

Sobiq MXDQ rahbari fuqarolarni faqat qonun doirasida harakat qilishga chaqirgan.

“Shu sababli barchangizdan faqat qonun doirasida ish tutishingizni so‘rayman. Men uchun xavotir olmang. Har biringizga katta rahmat va minnatdorchilik bildiraman. Xavotirga o‘rin yo‘q. Hammasi yaxshi bo‘ladi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev, sobiq deputat Qurmankul Zulushev va Jogorku Keneshning sobiq spikeri Nurlanbek Shakiyevlarga davlat to‘ntarishiga urinish ayblovi rasman e’lon qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

murojaat jinoyat ishi Qamchibek Tashiev norozilik namoyishi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing