Tashiyev ayollarni 10 nafar farzand ko‘rishga chaqirdi (video)
Olam
−
05 noyabr
6599Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev mamlakat ayollariga ko‘proq farzand ko‘rishni tavsiya qildi. Bu haqda u kecha, 4 noyabr kuni Norin viloyatidagi yangi bolalar bog‘chasi ochilish marosimida so‘z ochdi.
Tashiyevga ko‘ra, Qirg‘iziston ayollari oilada besh-o‘n nafar farzand ko‘rishga intilishi kerak. Chunki ko‘p bolali oilalar mamlakat kelajagi uchun asos hisoblanadi.
“Biz ko‘p farzandli bo‘lishimiz kerak. Ayollarimiz, yosh kelinlarimiz bunga e’tibor qaratishlari lozim. Faqat shundagina Qirg‘iziston rivojlanishi mumkin... Davlat xavfsizligini mustahkamlash to‘g‘ridan to‘g‘ri aholining soniga bog‘liq. Agar aholining o‘sishi to‘xtab qolsa, xavfsizlikni ta’minlash qiyinlashadi”, deydi u.
Unga ko‘ra, hozir dunyoda katta o‘zgarishlar yuz bermoqda va bu masalaga jiddiy yondashish zarur. Shuningdek, davlat tug‘ilish ko‘rsatkichlarini oshirish uchun sharoit yaratishga tayyor. Bunday choralarga bolalar bog‘chalari, maktablar va boshqa ijtimoiy ob’ektlar qurilishi kiradi.
Bundan tashqari, Tashiyev hukumatning tog‘li hududlar aholisiga onalik kapitali joriy etish rejalari haqida gapirgan. Xususan, mamlakatning ba’zi hududlarida to‘rtinchi farzand tug‘ilishi uchun 100 ming som (14 mln 870 ming so‘m), beshinchi uchun 600 ming som (89 mln 228 ming so‘m), yettinchi farzand uchun esa 1 million som (148 mln 713 ming so‘m) to‘lash ko‘zda tutilmoqda.
“Sakkizinchi va to‘qqizinchi farzand uchun 1,5 million som (223 mln so‘m), o‘ninchi farzand uchun esa 2 million som (salkam 300 mln so‘m) ajratiladi. Ushbu chora-tadbirlar yaxshi yashayotganimiz uchun qilinayotgani yo‘q… Norin viloyati to‘lig‘icha tog‘li hududda joylashgan va umid qilamanki, viloyat aholisi yaqin yillarda sezilarli darajada oshadi. Ko‘pchilik mening gaplarimni hazil sifatida qabul qilmoqda, lekin unday emas. Bu juda jiddiy davlat dasturi. Maqsadimiz – aholining sonini imkon qadar tezroq 10-15-20 million kishiga yetkazish. Shunda mamlakat kelajagidan tashvishlanmasa ham bo‘ladi”, dedi Tashiyev.
“World Population Review” ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil 30 oktyabr holatida Qirg‘iziston aholisi 7 mln 222 mingni tashkil qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qamchibek Tashiyev idora xodimlari va boshqa davlat xizmatchilarini farzandlari hamda qarindoshlarining topshiriqlarini bajarmaslikka chaqirgan edi.
LiveBarchasi