Tarmoqlarda Bahodir Jalolovning fikri noto‘g‘ri talqinlanmoqda (video)
Sport
−
07 avgust
86306Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik professional bokschi Bahodir Jalolovning Parijda sportchilarga O‘zbekiston hukumati tomonidan yaxshi sharoit yaratib berilgani va ovqatlanish borasida hech qanday muammo yo‘qligi haqida gapirgan videolari tarqaldi.
Videoda Bahodir Jalolov Parijdagi sharoitlardan noligan o‘zbek sportchilarini nonko‘r deb atadi.
Gap shundaki, 5 avgust kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze Parijdagi sharoitlarni tanqid qilib, bir qator yordamchilari va jamoa menejeri Olimpiya shaharchasiga kiritilmagani, jamoa joylashgan binoda tashkilotchilar aybi bilan konditsionerlar ishlamagani, suvsiz qolgani, mashg‘ulotlar va massaj jarayonlari ko‘ngildagidek o‘tmaganini aytdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa, Jalolovning gaplari xuddiki Kapadzega “tosh otganday” qilib talqin qilinmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Kapadze va uning shogirdlari futbol bahslari ertaroq boshlangani uchun Parijga birinchilardan borgan. O‘zbekiston delegatsiyasiga maxsus ovqatlar esa biroz vaqt o‘tgach yetkazilgan.
Bu borada Bahodir Jalolov QALAMPIR.UZ'ga ijtimoiy tarmoqlarda fikrlari noto‘g‘ri talqin qilinganini bildirdi.
“Bildirgan fikrlarimni noto‘g‘ri talqin qilishdi. Gaplarim Kapadze va uning shogirdlariga qaratilmagandi. Kapadze Parijdagi tashkilotchilikni tanqid qilgani ko‘rinib turibdi. Men esa bizda ovqat masalasida muammo bo‘lmaganini aytmoqchi edim xolos”, deydi Jalolov.
Ma’lumot uchun, Bahodir Jalolov Parij Olimpiadasidagi yarim final jangini Toshkent vaqti bilan 8 avgustga o‘tar kechasi o‘tkazadi. G‘alaba Jalolovni ketma-ket ikkinchi marta Olimpiada finalchisiga aylantiradi.