“Tanzilandiya” bog‘chasining litsenziyasi bekor qilindi

Jamiyat

image

Joriy yilning fevral oyida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Tanzilandiya” nomli xususiy bog‘cha tarbiyachilari bolalarga o‘ta qo‘pol munosabatda bo‘lgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mazkur xususiy bog‘chasining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza kiritdi. Sud esa xususiy bog‘chasining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha qaror chiqardi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yil 14 fevral kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xodimlari tomonidan Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Kichik avtomobil halqa yo‘li va Buyuk ipak yo‘li yo‘li ko‘chalari kesishmasida joylashgan “Yuksalish Construction” (“Tanzilandiya”) nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘rganish o‘tkazilgan. Aniqlangan qo‘pol kamchiliklar asosida xususiy bog‘chasining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza kiritilgan.

Joriy yilning 19 mart kuni sudning hal qiluv qarori bilan “Yuksalish Construction” xususiy bog‘chasining 2019 yil 27 dekabr kunidagi MT-1104-son litsenziyasi bekor qilingan.

Sudning qaroridan norozi bo‘lib, javobgar “Yuksalish Construction” xususiy bog‘chasi iqtisodiy ishlar bo‘yicha Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati kiritadi. Kecha, 23 aprel kuni soat Toshkent shahar sudida sudya Anvar Usmonov raisligida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sud hay’ati tomonidan javobgarning apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilgan va birinchi instansiya hal qiluv qarori o‘z kuchida qoldirilgan.

Ma’lumot uchun, 2019 yildan buyon faoliyat yuritib kelgan “Tanzilandiya” xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti haqida internetga so‘rov kiritilganda uning direktori Dilrabo Tursunova (Qudbiyeva) ekani chiqib keladi. Qudbiyevaning o‘zi ham Instagram’dagi sahifasida buni yozib qo‘ygan. Shuningdek, u ushbu bog‘chaning 7 % ulushiga ega. Bog‘chaning Qudbiyevadan tashqari yana ikki ta’sischisi bor. Bular Maqsuda Qudbiyeva (66%) va Muxiba Qarshiyeva (27 %). Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Dilrabo Qudbiyeva O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevning singlisi hisoblanadi. U Farg‘ona politexnika institutini tamomlagan, iqtisod bo‘yicha falsafa doktori darajasiga ega.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzilandiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing