2021 yilda Tanzila Norboyeva Markaziy Osiyo yetakchi ayollariga boshchilik qiladi

Jamiyat

image

2021 yilda Markaziy Osiyoning yetakchi ayollari muloqotiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva raislik qiladi. Bu haqda bugun,23 dekabr kuni mintaqa davlatlari yetakchi ayollarining muloqotini tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan videokonferensaloqa shaklidagi ilk uchrashuvda aytib o‘tildi.

Tadbirda Markaziy Osiyoning beshta mamlakati vakillari, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi hamda BMTTDning Yevropa va MDH mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy byurosi rahbarlari qatnashdi. O‘zbekiston nomidan Tanzila Norboyeva ishtirok etdi.

Uchrashuvda Markaziy Osiyoda davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashda xotin-qizlarning o‘rni, ularning davlat va jamoat ishlaridagi ishtiroki, o‘zgarishlarni ro‘yobga chiqarish va islohotlarni amalga oshirishga ko‘maklashish, shu jumladan, gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama etildi.

Tadbir davomida tomonlar “Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari bilan muloqot” norasmiy mexanizmining faoliyati mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni saqlash, mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, barqaror rivojlanish erishish, davlat va jamiyat boshqaruvi, tadbirkorlik tizimida ayollarning imkoniyatlarini kengaytirishga, qolaversa, xotin-qizlar, yoshlar va bolalarning huquqlari hamda manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan loyihalar va dasturlarni amalga oshirishni jadallashtirish hamda gender tenglikni ta’minlashga ko‘maklashishi ta’kidlandi.

BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari N. German qayd etganidek, markaz muhokamalar uchun platforma yaratishda, keyingi ishlarda, shu jumladan, mintaqaviy va global hamkorlik aloqalarini kengaytirishda, tajriba almashishda yordam berishga tayyor.

BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbarining taklifiga binoan 2021 yilda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotiga raislik qilish Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaga topshirildi.

Uchrashuv davomida tomonlar ishning birinchi yilidagi hamkorlik sohalari va norasmiy tuzilmaning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflarni ham ko‘rib chiqdi.

Qayd etilishicha, Markaziy Osiyo yetakchi ayollarining norasmiy muloqoti faoliyatini ta’minlash bo‘yicha kompleks tashkiliy masalalarni hal qilish va mazmunli ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

“Asosiy maqsad – o‘zaro tajriba almashish, ijobiy ish tajribasini o‘zlashtirish va ularni o‘z mamlakatlarida qo‘llashdir.

Mintaqa davlatlari o‘rtasida hamkorlikning mazkur yangi formati mamlakatlarimizda xotin-qizlar rolini kuchaytirishga qaratilgan qarorlarni birgalikda ishlab chiqishda samarali mexanizm bo‘ladi”, deyiladi Senat xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva

Baholaganlar

26

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing