Tantashev mundialning eng yaxshi hakamlari qatoriga kiritildi
Sport
−
25 iyul 9119 1 daqiqa
O‘zbekistonlik futbol hakami Ilgiz Tantashev Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) tomonidan 2026 yilgi Jahon chempionatining eng yaxshi 10 nafar hakami qatoriga kiritildi. Bu haqda federatsiya matbuoti xabar berdi.
Turnir yakunlariga ko‘ra, Tantashev reytingda o‘ninchi o‘rinni egalladi. Ro‘yxat hakamlarning tayinlovlari soni, boshqargan o‘yinlari darajasi, pley-off bosqichidagi faoliyati hamda intizomiy ko‘rsatkichlari asosida tuzilgan.
Ilgiz Tantashev Jahon chempionatida 3 ta uchrashuvni boshqardi. U guruh bosqichida Shotlandiya – Marokash va Jazoir – Avstriya o‘yinlarida, pley-offda esa Paragvay – Fransiya bahsida bosh hakam sifatida ishladi.
IFFHS talqiniga ko‘ra, Ispaniya va Argentina o‘rtasidagi final uchrashuvini boshqargan sloveniyalik Slavko Vinchich turnirning eng yaxshi hakami deb topildi. AQSHlik Ismoil Elfat ikkinchi, salvadorlik Ivan Barton esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, kuchli o‘ntalikdan fransiyalik Kleman Tyurpen, angliyalik Maykl Oliver, portugaliyalik Joau Pineyru, argentinalik Fakundo Telo, venesuelalik Xesus Valensuela va iordaniyalik Adham Muhammad ham o‘rin oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sobiq FIFA hakami Aleksey Nikolayev Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqargan Fransiya va Paragvay o‘rtasidagi 1/8 final uchrashuvini 2026 yilgi Jahon chempionatida hakamlik borasida eng ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan uchrashuv deb atagandi.
Live
Barchasi