Sobiq FIFA hakami Tantashev boshqargan o‘yinni eng bahsli deb atadi
Sport
−
22 iyul 3458 2 daqiqa
Sobiq FIFA hakami Aleksey Nikolayevning fikricha, 2026 yilgi Jahon chempionatida hakamlik borasida eng ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan uchrashuv o‘zbekistonlik Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqargan Fransiya va Paragvay o‘rtasidagi 1/8 final bahsi bo‘lgan. Bu haqda u TASS nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Mazkur uchrashuv Fransiya terma jamoasining 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. O‘yin davomida Paragvay futbolchisi Matias Galarsa ikki marta fransuz o‘yinchilariga nisbatan qo‘pol harakat qilgan, uchrashuv so‘nggida esa Maykl Olisega nisbatan ham qoidabuzarlik sodir etgan.
Nikolayevning ta’kidlashicha, hakamlik nuqtai nazaridan Fransiya va Paragvay o‘rtasidagi uchrashuv turnirdagi eng omadsiz bahs sifatida esda qolgan.
“O‘zbekistonlik hakamlar brigadasi o‘yinchilarning xatti-harakatlarini to‘liq nazorat qila olmadi va bahs ma’lum bir paytda nazoratdan chiqib ketdi. Paragvaylik futbolchilarning harakatlari, shuningdek, Kilian Mbappe kabi fransuz yulduzlariga nisbatan ko‘plab qoidabuzarliklar sodir etilgani esda qoldi”, deydi Nikolayev.
Shu bilan birga, FIFA’ning sobiq hakami turnirda joriy etilgan yangi qoidalar o‘zini oqlaganini aytib o‘tdi.
“Endi futbolchilar vaqtni cho‘zish uchun ataylab to‘pni ushlab turish yoki shifokorlarni chaqirish kabi usullardan foydalanishmaydi. Chunki hakam qoidaga muvofiq futbolchini bir daqiqaga maydon tashqarisida qoldirishi mumkin. Bu yangiliklar samara berdi va men ularning Rossiya Premer-ligasida ham qo‘llanilishini istardim. Rossiya Superkubogi uchrashuvi ham biz bu g‘oyani qabul qilganimizni ko‘rsatdi”, deya qo‘shimcha qildi Nikolayev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “L’Équipe” nashri o‘zbekistonlik hakam Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar brigadasining Fransiya va Paragvay o‘rtasidagi Jahon chempionatining 1/8 final uchrashuvidagi ishini eng past ko‘rsatgich bilan baholagandi.
Live
Barchasi