Tanishini mix tiqib o‘ldirgan shaxsni videoga olgan yigit qamaldi

3-sahifa

image
0:00
0:00
download

Avvalroq Samarqand viloyati Urgut tumanida bir erkak vahshiylarcha bir insonga bir necha marotaba mix tiqib o‘ldirgani haqida xabar berilgandi. Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ushbu holatni videoga olib, tarqatgan shaxs qamoqqa olinganini ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, shov-shuvlarga sabab bo‘lgan ushbu video yuzasidan IIB xodimlari tekshiruv ishlarini olib borgan. Vahshiylik aks etgan ushbu videolavhani urgutlik Sh.S. tarqatgani ma’lum bo‘lgan. Qayd etilishicha, fuqaro Sh.S. bilan bu kabi zo‘ravonlik va shafqatsizlik aks etgan lavhalarni tarqatmaslik yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borish uchun borgan IIB xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatgan.

“Fuqaro Sh.S.ga tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudi tomonidan Sh.S.ga nisbatan 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi barcha OAV xodimlari, blogerlar va fuqarolarning axborotni olish, undan foydalanish va tarqatish huquqlari mavjudligini eslatib o‘tadi. Faqatgina bunday harakatlar qonun doirasida amalga oshirilishi lozim”, deyiladi IIB xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda 189-1 va Jinoyat kodeksida 130-1-moddalarida zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun javobgarlik belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunining 6-moddasiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalaridan zo‘ravonlik g‘oyalarini targ‘ib qilish maqsadida foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasida davlatning axborot borasidagi xavfsizligini ta’minlashning yo‘llaridan biri sifatida zo‘ravonlikni, shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi g‘oyalarni o‘z ichiga olgan axborot tarqatilishiga qarshi harakatlar qilish ekani mustahkamlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand

Baholaganlar

442

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing