Yaponiya imperatori taxtdan voz kechdi
Olam
−
30 aprel 2019
8772Bugun, 30 aprel kuni Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe mamlakat imperatori Akixito taxtdan voz kechganini e’lon qildi.
Akixito millatga xayrlashuv nutqi bilan murojaat yo‘llagan.
Taxtdan voz kechganlik marosimi Tokiodagi imperator saroyining “Seyden Matsu-no-ma” zalida o‘tkaziladi. Barcha telekanallar uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda namoyish qiladi.
Marosim o‘tkaziladigan joyga solnomalarda yozilganidek birinchi imperator Dzimmuga tegishli bo‘lgan qilich, yashma toshi, shuningdek, Yaponiya imperatori va davlat muxri keltirilgan.
Zalda 300 nafarga yaqin odam bo‘ladi. Jumladan, monarxning o‘zi va turmush o‘rtog‘i, taxt vorisi shahzoda Naruxito rafiqasi bilan hamda imperator oilasining boshqa a’zolari va hokimiyatning uch bo‘g‘ini vakillari.
Akixito 30 yil davomida Yaponiya imperatori vazifasini bajargan. Yaponiyada 200 yildan beri ilk bor imperator taxtidan voz kechdi. So‘nggi bor 1817 yilda imperator Kokaku taxtdan voz kechgandi.
Akixitoning iste’foga chiqishi bilan mamlakatda 1989 yil 8 yanvardan beri davom etgan Xeysey (tinchlikka erishish) erasi nihoyasiga yetdi va yangi Reyv (uyg‘unlik yoki gullab yashnayotgan dunyo) erasi boshlandi.