Taloqning hazili ham taloq, chini ham taloq
Jamiyat
−
19 aprel 2021
8146Bismillahir rohmanir rohiym. Assalomu alaykum va rohmatullohu va borakatuh. Azizlar, hurmatli yurtdoshlar, mo‘min-musulmonlar! Oylarning sultoni bo‘lmish Ramazoni sharif barchamizga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin. Ramazonda qalbimiz shodlikka, xonadonlarimiz nurga to‘ladi. Butun oila ahli bir-biriga sevinch bilan, muhabbat bilan nazarda bo‘ladi. Saharlik va iftorliklarda oila a’zolari bir dasturxon atrofida jamuljam bo‘ladi.
Azizlar, xonadonlarimizning nurga to‘lishi, unda fayz bo‘lishi Allohning katta marhamatidir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) shunday marhamat qiladilarki “Sizlarning eng yaxshingiz, o‘z ahlingizga yaxshi munosabatda bo‘lganingiz”. Orangizda o‘z ahliga nisbatan eng yaxshi munosabatda bo‘lganingiz menman, demoqdalar. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bir ma’ruf ishga buyura turib, o‘sha ish uzra o‘zlarining mumtoz ekanliklarini e’lon qilmoqdalar. Ular “Qo‘lingni ber Oysha, qalbimning g‘ubori ketsin”, der edilar. Vo ajab! Bu shirin so‘z ayol kishi uchun kuch, quvvat va dalda bo‘ladi. Hazrati Ali (r.a.) “Seni ko‘rsam ko‘zim quvnaydi, ey Fotima”, der edilar.
Azizlar, xonadondagi totuvlikning zamini er va xotinning bir-biriga shirinsuxanligi. Erkakning o‘z ahli ayoliga, ayolning o‘z turmush o‘rtog‘iga nisbatan shirinsuxan bo‘lishi bu oiladgi totuvlikni ta’minlovchi eng birinchi omil. Imom Ahmad aytadilarki, “Men ayolim bilan yashagan umrim davomida ayolimning ko‘ngliga og‘ir botadigan gapni, yoki ayolim meni ko‘nglimga botadigan gapni aytanligini eslay olmayman”. Demak, mana shunday yashash ham katta saodat. Hazrati Abu ad-Dardo (r.a.) ayollari Ummu Dardo onamizga aytdilarki, “Onasi, agar men g‘azabda bo‘lsam sabr qil. Tilingdan nojo‘ya so‘z chiqib, mening ko‘nglimni og‘ritmasin. Agar sen g‘azabda bo‘lsang, men sabr qilay. Mening tilimdan nojo‘ya so‘z chiqib, sening ko‘nglingga og‘ir botmasin. Shunda hayot davom etadi”, degan ekanlar.
Xuddi shunday, azizlar! Xonadondagi totuvlik, fayz va barakotning eng birinchi omili shirinsuxanlikdir. Oilaning rahbari bo‘lmish ota va uning umr yo‘ldoshi bo‘lmish ona farzandlari ko‘z o‘ngida bir-birlariga yaxshi muomalada bo‘lsalar, eng go‘zal tarbiya shu bo‘lg‘usidir.
Lekin, mana shunday ulug‘ kunlarda ham ba’zi bir xonadonlarda ziddiyatlar, kelishmovchiliklar, erkakning o‘z ayoliga qo‘pol so‘zlari, arzimagan xato uchun qattiq gapirishlar va dil oynasini sindirish holatlarini ham ko‘ryapmiz. Azizlar, Ramazon kunlarida ham ayoliga “taloq” degan so‘zni aytganlar qanday inson bo‘lishi mumkin?! Gunohlardan forig‘ bo‘ladigan, Allohning roziligini qo‘lga kiritadigan va ulug‘ izzatga yetadigan bu oyda “taloq” degan so‘zning chiqishi Allohning qahrini keltiradi va uning Arshini larzaga soladi. Chunki Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) “Halol bo‘lgan narsalarning Allohga eng yoqimsizi – taloqdir”, dedilar. Erkak zoti talaffuzidan “taloq” degan so‘zni butunlay chiqarib tashlashi kerak. Demak, shunchalar yomon so‘z ekanki, Allohning Arshini larzaga keltiradi.
Har kimda xato bor, beayb Parvardigor. Mo‘min mo‘minni xatosi bilan yaxshi ko‘rishi kerak. “Mana bu xatosi uchun taloq qo‘ydim”, deydigan erkakning xatosi yo‘qmikin?! Aybi va nuqsoni yo‘qmikin?! Agar sha’riy jihatdan yondashadigan bo‘lsak, oiladagi nizoga erkak aybdor bo‘ladi. Mayli xato ayoldan o‘tsin, lekin erkak murosa yo‘lini tanlashi kerak. Ba’zi yigitlar oldimga “Jahlim chiqib ketibdi, bir qo‘rqitay deb aytgandim”, degan afsuslar bilan kelishadi. Taloqning hazili ham taloq, chini ham taloq. Qo‘rqitaman deb aytgan bo‘lsa ham, hazillashib aytgan bo‘lsa ham taloq tushadi. Agar murosaning hech ham chorasi topilmasa, o‘zlariga so‘zlari o‘tadigan, o‘zimiz uchun e’tiborli bo‘lgan insonlarni holatni isloh qilishga chaqirishimiz kerak. Er va xotin kelisha olmay qolsa birdan taloqning o‘rtaga tushishi yaxshi emas. Bitta xonadonda notinchlik bo‘lsa shayton quvnaydi. Shayton o‘z a’yonlarini chaqirib, “Sen nima qilding, sen nima qilding?”, deb so‘ragan payt bittasi aytar ekanki, “Men bitta oilani buzdim, oralariga taloq tushishiga sabab bo‘ldim”, derkan. Shunda shayton uni yoniga olib, qilgan ishini yaxshi deya e’tirof etarkan.
Azizlar, harakat qilaylikki, erkakning zabonidan aslo “taloq” degan so‘z chiqmasin. Oilalar mustahkam bo‘lsa, jamiyatimiz mustahkam bo‘ladi. Oilalar tinch bo‘lsa, Allohni nuri, rahmati yog‘iladi. Bu oyda sal “nari-beri” bo‘lib turgan oilalarga Alloh taolo muhabbat bersin. Bir-birlariga yuzlari iliq bo‘lsin. Vassalamu alaykum, va rahmatullohu va barakotuh.
Rahimberdi Rahmonov
LiveBarchasi