Talant Mamitov Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 dekabr kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchisi Talant Mamitov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, suhbat avvalida tomonlar kirib kelayotgan Yangi yil munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, ikki xalqqa tinchlik, farovonlik va bardavom ravnaq tilagan.

Talant Mamitov Shavkat Mirziyoyevga koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda ko‘rsatilgan katta ko‘mak va amaliy yordam, shu jumladan, Qirg‘iziston hududlarida mobil tibbiyot markazlarini qurish loyihalari amalga oshirilgani uchun chuqur minnatdorlik bildirgan.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali sheriklik aloqalarini izchil mustahkamlashning dolzarb masalalari ham muhokama qilingan.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligi kun tartibidagi muhim masalalarni, eng avvalo, sanoat kooperatsiyasi, savdo, iqtisodiyot va mintaqaviy transport yo‘laklarini rivojlantirish choralarini ilgari surish muhimligi qayd etilgan. Muloqot so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yil boshida Qirg‘izistondagi muhim ichki siyosiy tadbirlarni o‘tkazishda muvaffaqiyat tilagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston yordami bilan Qirg‘izistonda 200 o‘rinli shifoxona qurilgandi.

Keyinchalik, Qirg‘izistonda O‘zbekiston mablag‘idan yana ikkita shifoxona qurildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

149

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing