Talabaligimda temir yo‘lda yuk tashiganman – Putin

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin talabalik yillarida temir yo‘lda yuk tashigani haqida hikoya qilib berdi. Bu haqda u “Rossiya – imkoniyatlar mamlakati” avtonom notijorat tashkiloti kuzatuv kengashi yig‘ilishida gapirdi. 

Qayd etilishicha, Prezident bilan uchrashuvda “Rossiya yetakchilari” boshqaruvchilar tanlovida g‘olib bo‘lgan va Ukraina urushiga ko‘ngilli sifatida borgan Ilya Shtokman ham qatnashgan. U 1998 yilda mamlakatni qanday qilib tark etgani va chet elda novvoyxona ishchisidan yirik IT-kompaniyasining loyiha menejeri darajasigacha chiqqani haqida aytib bergan. Bunga javoban Putin o‘zi talabalik yillarida temir yo‘lda yuk tashiganini eslagan. 

“Novvoyxona yomon emas... Men talaba bo‘lganimda yarim kunlik ishlardim. Temir yo‘l vokzalida yuk ortardik. Rostini aytsam, bu ish menga yoqmasdi”, deydi Rossiya rahbari. 

Ma’lumot uchun, Vladimir Putin oilada uch farzandning eng kichigi bo‘lgan. Uning onasi zavodda ishlagan bo‘lsa, otasi suvosti flotida xizmat qilgan. Putin 1970 yildan 1975 yilga qadar Andrey Jdanov nomidagi Leningrad davlat universiteti (hozirgi Sankt-Peterburg davlat universiteti)ning huquq fakultetida o‘qigan. 

Putin jamoatchilik bilan uchrashuvlarida ko‘p bora o‘tgan hayoti haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashgan. Jumladan, u 30 yil davomida liftsiz uyda yashagani, tez-tez keksa qo‘shnisini beshinchi qavatga ko‘tarib chiqqani haqida hikoya qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing