Talabalarga stipendiya to‘lash to‘g‘risidagi qaror muhokamaga qo‘yildi
Jamiyat
−
24 Sentabr 2019
6553Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalari talabalariga stipendiyalar to‘lash tartibi va miqdorlari to‘g‘risida”gi Qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Qarorga ko‘ra 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Respublika oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi shaklida davlat granti va bir yillik o‘qitish qiymatining stipendiyali miqdorini to‘lagan, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarni (xorijiy talabalardan tashqari) stipendiya bilan ta’minlash tizimi joriy etiladi.
Hujjatga muvofiq o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt qiymati miqdoriga kiritilgan har oyda to‘lanadigan stipendiya summasi talabaga uning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlaridan qat’iy nazar to‘lanishi belgilanadi.
2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida o‘qitishning kunduzgi shaklida davlat granti va bir yillik o‘qitish qiymatining stipendiyali miqdorini to‘lagan, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan hamda nomli davlat stipendiyalariga tavsiya etilgan (xorijiy talabalardan tashqari) Oliy ta’lim muassasalari talabalari stipendiyalarining bazaviy miqdorlari 1-ilovaga muvofiq belgilansin.
Bunda, davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga to‘lovni qaysi ko‘rinishda (stipendiyali yoki stipendiyasiz) amalga oshirganidan qat’iy nazar, quyidagi rag‘batlantirish to‘lovlari tayinlanadi:
barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” baho (reyting ko‘rsatkichi 86 balldan kam bo‘lmagan) bo‘lgan talabalarga navbatdagi o‘quv semestri davomida bazaviy stipendiyaning 15 foizi miqdorida;
o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” hamda “a’lo” va “yaxshi” baho bo‘lgan yoki jamoat ishlarida faol yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj talabaga navbatdagi o‘quv semestri davomida tayinlangan jami stipendiyaga nisbatan 50 foizgacha miqdorda;
iqtidorga ega, xalqaro yoki respublika yoki oliy ta’lim muassasasi miqyosida talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan fan (ta’lim yo‘nalishi) olimpiadalari g‘olibi bo‘lgan talabaga bazaviy stipendiya miqdoriga nisbatan bir o‘quv yili davomida quyidagi tartibda alohida moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari tayinlanadi:
• xalqaro miqyosdagi olimpiada g‘olibiga – 50 foiz;
• respublika miqyosidagi olimpiada g‘olibiga – 25 foiz;
• oliy ta’lim muassasasi miqyosidagi olimpiada g‘olibiga – 15 foiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi va Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyalarini oluvchi talabalarga stipendiyalar tayinlash va to‘lashning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.
Bunda, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab nomli davlat stipendiyalarini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar talabalarning davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotganidan qat’iy nazar davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
2019/2020 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining davlat granti asosida ta’lim olayotgan bitiruvchi bosqich talabalari uchun stipendiyalarning bazaviy miqdorlari 2-ilovaga muvofiq belgilanadi va talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga qarab stipendiyalarga quyidagi tabaqalashtirilgan koeffitsiyentlar qo‘llangan holda amalga oshiriladi:
• reyting bo‘yicha eng yuqori ballar (86 — 100 ball) — 1,0;
• reyting bo‘yicha yuqori ballar (71 — 85 ball) — 0,75;
• reyting bo‘yicha o‘rtacha ballar (55 — 70 ball) — 0,5.
Mazkur qaror 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab kuchga ega ekanligi belgilangan.
1-Ilova
Oliy ta’lim muassasalari talabalari stipendiyalarining bazaviy miqdorlari
Izoh: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining stipendiyalar miqdorini oshirish to‘g‘risida farmoni qabul qilinishi munosabati bilan oliy ta’lim muassasalari talabalari stipendiyalarining bazaviy miqdorlari o‘zgargan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i bilan oliy ta’lim muassasalari talabalari stipendiyalarning jadvalda ko‘rsatilgan miqdorlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.
2-Ilova
2019/2020 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining davlat granti asosida ta’lim olayotgan bitiruvchi bosqich talabalari uchun stipendiyalarning bazaviy miqdorlari
Izoh: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining stipendiyalar miqdorini oshirish to‘g‘risida farmoni qabul qilinishi munosabati bilan oliy ta’lim muassasalari talabalari stipendiyalarining bazaviy miqdorlari o‘zgargan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i bilan oliy ta’lim muassasalari talabalari stipendiyalarning jadvalda ko‘rsatilgan miqdorlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.