Talabalar uchun haq to‘lanadigan amaliyot o‘tash tartibi belgilandi
Jamiyat
−
10 yanvar
8616Joriy yilning 8 yanvaridagi 11-sonli hukumat qarori bilan Oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Nizomga ko‘ra, haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan talabalar o‘rtasida har yili kamida bir marotaba tanlov o‘tkaziladi. Bunda amaliyot o‘tash uchun 500 ta o‘rin ajratiladi. (Toshkent shahri uchun – 45 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar uchun – 35 tadan).
Bildirilishicha, tanlovda ishtirok etish uchun talaba arizani shaxsan o‘zi, pochta orqali yoki elektron shaklda o‘zi o‘qiyotgan oliy ta’lim tashkilotiga topshiradi.
Tanlovda qatnashish uchun talaba quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- bitiruvchi bosqichda tahsil olayotgan bo‘lishi;
- ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) tarmoq korxonasidagi faoliyat yo‘nalishiga mos bo‘lishi;
- O‘zbekiston rezidenti bo‘lishi.
Oliy ta’lim tashkiloti esa ariza bergan talabalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yo‘llanma xati bilan Maxsus komissiyaga 5 ish kunida taqdim etadi.
O‘z navbatida, Maxsus komissiya ushbu hujjatlarni kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kuni davomida ko‘rib chiqib, talabani tanlovda ishtirok etishi yoki uni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Shundan so‘ng, Maxsus komissiya tomonidan taqdimot ko‘rinishida talaba amaliyotini tashkil etish ish rejasi himoyasi o‘tkazilib, 20 kun ichida yakuniy qaror qabul qilinadi. Yakuniy qaror qabul qilingandan 10 ish kuni davomida tanlov natijalari bo‘yicha ma’lumot Vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Nizomda amaliyot 1 oydan 3 ochgacha bo‘lgan davr mobaynida o‘quv rejasida belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi belgilangan. Bildirilishicha, talabaning amaliyot o‘tashi uchun sinov muddati belgilanmaydi.
G‘olib talabalarning amaliyoti bo‘yicha xarajatlar esa Maxsus komissiya tomonidan yakuniy qaror qabul qilingandan so‘ng 15 kun davomida qoplanadi. Bunda talabaga BHMning 2 baravari miqdorida ish haqi va unga hisoblangan ijtimoiy soliq tegishli hisobraqamiga o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, mazkur nizom harbiy va harbiylashtirilgan oliy ta’lim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
LiveBarchasi