Talabalar uchun o‘qish boshlanadimi? Vazirlik butun mas’uliyatni bo‘ynidan soqit qildi

Jamiyat

image

Joriy yilning 10 yanvar kuni soat 13:31 da 11 yanvardan boshlab oliy hamda professional ta’lim muassasalari va akademik litseylarda bosqichma-bosqich dars mashg‘ulotlari boshlanishini aytib chiqqan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bir haftalik sukutdan keyin bu bo‘yicha barcha mas’uliyatni bo‘ynidan soqit qilib, endi o‘qish boshlanishini hokimliklar belgilashini aytib chiqdi. Bu haqda vazirlikning Telegram-kanalida bugun, 17 yanvar kuni tarqatgan bayonotida so‘z borgan. 

“Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini tashkil qilish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,  viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilangan muddatlarga o‘quv grafiklarini moslashtirgan holda amalga oshiriladi”, deyiladi bayonot avvalida.

O‘qish boshlanishini hokimliklarni belgilar ekan, nega unda vazirlik 10 yanvar kuni o‘qish boshlanadi degan bayonot bilan chiqdi? Vazirlik oradan shuncha kun o‘tib bunday bayonot berishiga qaraganda 11 yanvardan OTMlarda o‘qish boshlanmagan va vazirlik buni nazorat qilmagan. Chunki vazirlik 10 yanvar kuni 11 yanvardan OTMlarda bosqichma-bosqich ta’lim jarayonlari boshlanishi haqida e’lon bergandan keyin bu qarori bekor bo‘lgani haqida miq etmagan. Oradan bir hafta o‘tib esa butkul boshqa gapni aytib chiqyapti. 

“Nazorat ishlari (oraliq, yakuniy) ta’lim muassasalari tomonidan belgilanadigan shakllarda bosqichma-bosqich amalga oshirilishi mumkin. Bunda, barcha talaba va o‘quvchilarga nazorat ishlarida ishtirok etishlariga imkoniyat yaratiladi”, deyiladi vazirlik bayonotida. 

Qayd etilishicha, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalari uchun qishgi ta’til muddati uzaytirilishi munosabati bilan temiryo‘l poyezdlariga qo‘shimcha joylar soni yanada ko‘paytirilib,  xarid qilingan yo‘l chiptalari bepul almashtirib beriladi. Bundan tashqari, tezyurar va yo‘lovchi poyezdlarga chiptalarning ekonom sinfi tarifi qiymatidan 50 foizli chegirma sotuvi muddati ham uzaytiriladi. 

Barcha temiryo‘l kassalarida talaba-o‘quvchilar avval xarid qilgan chiptalarini boshqa sanaga almashtirishlari yoki ta’til yakunlanguniga qadar chegirma bilan sotib olishlari mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 yanvar kuni O‘zbekistonda 10-16 yanvar kunlari havo haroratining keskin tushib ketishi munosabati bilan  oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun ham qishki ta’til muddati 2023 yil 18 yanvarga qadar uzaytirilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

qishki ta'til

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing