Talabalar uchun diniy bilimlarni mustaqil o‘rganish imkoniyati bor – Toshqulov

Jamiyat

image

Bugun, 22 may kuni Toshkent besh tashabbus harakatining ikkinchi kuni doirasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Muloqot davomida Toshqulov Termiz davlat universiteti rektori bo‘lgan davrda aytgan ta’limdan Islom dini ajratib olinishi haqidagi fikrlariga izoh berdi.

“Men Xalqaro press-klubdagi intervyumda oxirgi yuz yilda ta’limdan din chiqib ketganligi va uni qaytarishimiz kerakligi haqida gapirganimdan keyin ko‘pchilik buni xuddi predmetlarni kiritishday tushundi. Vaholanki, u yerda Islom madaniyati, halollik va adolat haqida gap ketgan edi. Shu bilan birgalikda dinimizdagi, urf-odatlarimizdagi odob-axloq normalarini nazarda tutgan edik”, deydi Abduqodir Toshqulov.

Vazir so‘zida davom etarkan, bir paytlar kitob do‘konlaridan diniy kitoblarni, hatto, so‘rolmagani, bugun esa hech qanday qarshiliklar bo‘lmayotgani va do‘konlarda diniy kitoblarning har xili borligini ta’kidladi.

“Hozir OTMlarda tahsil oladigan talabaning diniy kitob o‘qishiga, mustaqil o‘rganishiga nima mone’lik qilmoqda?! Esimda bor, “Saodat asri qissalari” kitobining narxi bir yarim millon so‘mga chiqib ketgandi. O‘sha paytlar biz uning yangi tirajini so‘rolmaganmiz. Bugungi kunda kitob do‘konlariga kirsangiz bu kabi kitoblarning bir qancha turlari bor. Umuman olib qaraydigan bo‘lsak, bugungi kunda OTMlarda o‘qiydigan talabalar uchun falsafiy va diniy bilimlarni mustaqil o‘rganish imkoniyati bor”, deydi Toshqulov. 

Yoshlar, blogerlar va OAV vakillari bilan bo‘lgan ochiq muloqot davomida Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov hozirgi kunda dinshunoslik fani OTMlarning dars sxemasiga kiritilishi masalasi ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz,  Abduqodir Toshqulov yoshlar bilan ochiq muloqoti davomida Oliy ta’lim tizimida talabalardan forma talab qilish noto‘g‘riligini, bu borada o‘zining liberal ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, vazir mazkur ochiq muloqot davomida 96 ming o‘rinli talabalar yotoqxonasini qurish uchun 4,4 trillion so‘m mablag‘ ajratilishini ham ma’lum qildi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

84

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing