Takroriy saylov nima degani? U qachon o‘tkaziladi?
Bu qiziq
−
23 dekabr 2019
10992Bugun, 23 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlari a’zolari saylovining natijalari e’lon qilindi va 22 ta saylov okrugida qayta saylov o‘tkazilishi belgilandi. Xo‘sh, qayta saylov o‘tkazilishi nimani anglatadi. U qanday, qancha muddatda o‘tkazilda?
Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida takroriy ovoz berish va takroriy saylov o‘tkazilish tartibini "Huquqiy axborot" eslatmoqda.
Takroriy ovoz berish qaysi hollarda o‘tkaziladi?
Saylov okrugi bo‘yicha ikki nafardan ortiq nomzod qo‘yilgan bo‘lsa-yu, ulardan hech biri ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko‘pining ovozini olmagan bo‘lsa, takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.
Qachon nomzod saylangan hisoblanadi (asosiy saylovda)?
Saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko‘pining ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.
Takroriy ovoz berishda barcha nomzodlar qaytadan ishtirok etadimi?
Yo‘q, dastlabki saylovda eng ko‘p ovoz olgan ikki nafar nomzod takroriy ovoz berishda ishtirok etadi.
Takroriy ovoz berish qachon o‘tkaziladi?
Takroriy ovoz berish asosiy saylovdan keyin ikki hafta muddat ichida o‘tkaziladi.
Takroriy ovoz berishda ham saylovchilarning yarmidan ko‘pining ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadimi?
Yo‘q, takroriy ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodga nisbatan ko‘proq ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.
Takroriy ovoz berishda saylovchilarning ishtirok etish foizi hisobga olinadimi?
Yo‘q, takroriy ovoz berishda saylovchilarning ishtirok etishi foizi hisobga olinmaydi.
Takroriy saylov qaysi hollarda o‘tkaziladi?
Takroriy saylov, agar:
- saylov okrugi bo‘yicha saylov o‘tmagan yoxud haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa;
- takroriy ovoz berishda saylangan deputatni aniqlashning imkoni bo‘lmasa;
- saylov okrugi bo‘yicha ko‘pi bilan ikki nomzod qo‘yilgan bo‘lsa va ulardan hech biri saylanmagan bo‘lsa.
Qanday holda saylov o‘tmagan deb topiladi?
Saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilarning o‘ttiz uch foizidan kam qismi ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tmagan deb topiladi.
Qanday hollarda saylov haqiqiy emas deb topilishi mumkin?
Saylov davomida yo‘l qo‘yilgan, ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarliklar sababli saylov umuman yoki ayrim saylov okruglari bo‘yicha yoxud ayrim saylov uchastkalari bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Qaysi organ saylovni haqiqiy emas deb topishi mumkin?
Qonunchilik palatasiga saylovni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, mahalliy Kengashlarga o‘tkazilgan saylovni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qaror tegishli saylov komissiyalari tomonidan qabul qilinadi.
Takroriy saylovni o‘tkazish uchun yangidan saylov uchastkalari tashkil qilinib, saylovchilarning ro‘yxati yangidan shakllantiriladimi?
Yo‘q, takroriy saylov asosiy saylovni o‘tkazish uchun tuzilgan o‘sha saylov uchastkalarida va saylovchilarning oldingi ro‘yxatlari bo‘yicha o‘tkaziladi.
Takroriy saylov qancha muddatda o‘tkazilishi kerak?
Takroriy saylov asosiy saylovdan keyin kechi bilan bir oylik muddat ichida o‘tkaziladi.
LiveBarchasi