Saylov o‘tib, partiya rahbarlari “ura-ura”ni boshlab yubordi

Tahlil

image

22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlari a’zolari saylovidan mamlakatdagi siyosiy partiyalar bir ovozdan rozi. Garchi ular to‘plagan ovozlar orasida yer bilan osmoncha farq bo‘lsa ham umimiy fikr – sog‘lom raqobat muhiti yaratildi va o‘zini ko‘rsatishga birdek imkon berildi. 

Bugun, 23 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi natijalarni e’lon qildi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Qonunchilik palatasida o‘rinlar quyidagicha taqsimlangan:
•    Liberal-demokratik partiyasiga 43 o‘rin;
•    “Milliy tiklanish” demokratik partiyasiga 35 o‘rin;
•    “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi 21 o‘rin;
•    Xalq demokratik partiyasi 18 o‘rin;
•    Ekologik partiya 11 o‘rinni egalladi.
Shundan so‘ng siyosiy partiyalar raislari so‘z olib, og‘zidan bol tomib, o‘tgan saylov jarayonlarini maqtay ketdi. 

Ulug‘bek Inoyatov, Xalq demokratik partiyasi raisi: 
— Nomzodlar o‘rtasida raqobat muhiti bo‘ldi. Xalqimiz o‘zining haqiqiy vakilini saylagan kun deb qarashimiz kerak. Bu jarayonlarni tashkil etishda Saylov kodeksining nachog‘lik oldingi qonunlarimizdan takomillashtirilganini alohida aytib o‘tmoqchiman. Shu bilan birgalikda, moliyalashtirish masalasida partiyalarga teng imkoniyat berilgani bugun o‘zining natijasini berdi. 

Aktam Xaitov, O‘zLiDeP raisi: 
— Bu yilgi saylovlar haqiqatan ham yangi Saylov kodeksi asosida juda katta raqobat muhiti ostida o‘tdi. 
Birinchidan, bu yilgi saylovda media sohasida juda katta imkoniyat yaratib berildi. 
Ikkinchidan, moliyalashtirish tizimi bo‘yicha katta e’tibor qaratildi. 
Uchinchidan, bu yil birinchi marta elektron vositalar yordamida saylovni kuzatish imkoniyati bo‘ldi. 
 
Boriy Alixonov, Ekologik partiya raisi: 
— Men sizlarni O‘zbekistonimizda demokratik o‘zgarishlarning misli ko‘rinmagan demokratik o‘zgarishlarning yaqqol namoyondasi bo‘lgan saylovlar bo‘lib o‘tgani bilan tabriklamoqchiman. Biz ilk bor yosh partiya sifatida birinchi marta mana shunday saylovlarga qatnashdik va baralla aytishimiz mumkin, hayot sinovidan o‘tdik. 

Narimon Umarov, “Adolat” SDP raisi: 
— Albatta, juda katta jarayon yakunlandi. Bu mamlakatimizdagi katta o‘zgarishlarning bir bosqichi yaxshi yakunlangani bilan, aholimiz saylovlarga befarq bo‘lmasdan, hammalari faol qatnashgani bilan hammamiz tabriklaymiz. Eng asosiysi, siyosiysi siyosiy partiyalarga bir xil sharoit yaratildi. Efirda deysizmi, ommaviy axborot  vositalaridami... 

Alisher Qodirov, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi: 
Bu saylov O‘zbekistonda siyosiy muhit tom ma’noda o‘zgargani sifatida baholanishi kerak. Ochiq galashdik. Siyosiy partiyalar o‘rtasida o‘zaro raqobat ochiq va shaffof bo‘ldi. “Milliy tiklanish” partiyasi jamiyatimizga o‘z takliflarini berdi va hozirgi natijalar shuni ko‘rsatyaptiki, xalq parlamentdan yaqqol bir kuchning ajralib chiqishini emas, birgalikda ishlashni talab qilmoqda.

Yuqoridagilarni o‘qib qanday xulosa chiqarishni bilmaysan kishi. Bugun saylovoldi jarayonlarda qovun tushirganu tushirmagan partiyalar rahbarlari o‘zining “otash”li so‘zlari, “ura, ura, ura” lari bilan qovun tushirishmayaptimi? Qanday qilib hamma partiyaning ko‘ngli birdek to‘lishi, hammasi birdek rozi bo‘lishi mumkin? Agar ular bir ovozdan rozilikni ifoda etayotgan bo‘lsa, bugungacha o‘rtada kechgan raqobat va kurashning boisi ne? 11 ta o‘rin olgan ham, 43 ta o‘rin olgan ham qarsakni birdek chalayotgani kishini “ajabo” deyishga undamaydimi? 

Partiya liderlari saylovlarni ochiq va oshkora, shaffof o‘tganini bir ovozdan takror va takror ta’kidlamoqda. Alqab, tashakkurlar aytmoqda. Xo‘sh, nega? Aslida ham ochiq va shaffof bo‘lishi kerak emasmidi? Bu saylovning oltin qoidasi-ku. Buning nimasini alqash, nimasiga tashakkur aytish kerak? 

Partiya rahbarlarini eshita turib yana bir savol tug‘iladi kishida: mazmun qolib shaklga e’tibor berish qachon tugaydi? Agar saylovning qanday o‘tgani, OAVda yoritilishini ta’riflash partiya rahbarlariga qolgan bo‘lsa, xalqaro kuzatuvchilar nima qilyapti. So‘z berildi, minbarga chiqding, gapni natijadan gapirmaysanmi? Endi nima bo‘lishini aytmaysanmi, deging keladi. Esiz..
 


Maqola muallifi

Teglar

Saylov

Baholaganlar

238

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing