Taxtlar o‘yini: Filippinda prezident va vitse-prezident o‘rtasidagi ziddiyat kuchaydi
Olam
−
12:45 888 2 daqiqa
Filippin vitse-prezidenti Sara Duterte prezident Ferdinand Markos kichik, uning rafiqasi va sobiq parlament spikeriga nisbatan jiddiy tahdidlar bildirgani bo‘yicha sud qarori ortidan garov puli to‘ladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, sud Duterte uchta jiddiy tahdid bo‘yicha ish doirasida hibsga olinishi haqida qaror chiqargan. Har bir ayblov bo‘yicha garov puli 120 ming peso, jami 360 ming peso etib belgilangan.
Duterte sud binosi oldida o‘nlab politsiya xodimlari qurshovida jurnalistlarga o‘zini xavfsiz his qilmayotganini aytgan. U politsiya va sudlarga ishonmasligini bildirib, hokimiyatni ta’qibda ayblagan.
“Agar garov pulini to‘lasam, ta’qib to‘xtamaydi. To‘lamasam, politsiyaga olib ketishadi. Men politsiyaga ham, sudlarga ham ishonmayman. O‘zimni umuman xavfsiz his qilmayapman”, degan Duterte.
U, shuningdek, agar “bu kecha halok bo‘lsa”, buning uchun kim javob berishini so‘ragan va politsiya voqeani baxtsiz hodisa deb baholab, javobgarlikdan chetda qolishini aytgan.
Politsiya Dutertening bu ayblovlari yuzasidan izoh berish so‘roviga darhol javob bermagan. Markos ma’muriyati ham uning xavfsizligi haqidagi bayonotlariga munosabat bildirmagan. Biroq prezident ofisi kecha, 4 sentyab kuni sudning har qanday qarori hurmat qilinishi haqida ma’lum qilgan.
Sud Dutertega qo‘yilgan 3 ta ayblovning barchasi bo‘yicha ishni ko‘rib chiqish uchun yetarli asoslar bor, degan xulosaga kelgan.
Ish 2024 yil noyabridagi onlayn matbuot anjumaniga borib taqaladi. O‘shanda Duterte o‘ziga suiqasd qilinsa, Prezident Markos, uning rafiqasi Liza Araneta Markos va o‘sha vaqtda parlament spikeri bo‘lgan Martin Romuldesni o‘ldirish uchun yollanma qotil bilan gaplashgani va unga ko‘rsatma berganini aytgan. Keyinchalik u bu bayonotlar tahdid bo‘lganini rad etgan.
Mazkur ayblovlar Duterte yuzasidan Senatda ko‘rilayotgan impichment ishiga ham kiritilgan. Vitse-prezident, shuningdek, davlat mablag‘laridan, jumladan, vitse-prezident va Ta’lim vaziri bo‘lgan davrida noto‘g‘ri foydalanganlikda ayblanmoqda. U bu ayblovlarni ham rad etgan.
Duterte shu bilan birga 2028 yilgi prezidentlik saylovida ishtirok etish niyatini bildirgan. Agar impichment jarayonida aybdor deb topilsa, u lavozimidan chetlatilishi va prezidentlik saylovida qatnashish rejasi barbod bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Duterte va Markos Filippindagi ikki yirik siyosiy sulola vakillari hisoblanadi. Ular 2022 yilda ittifoq tuzib, saylovda g‘alaba qozongan, ammo 2024 yilda munosabatlari keskin yomonlashgan.
Hozirgi huquqiy mojaro ikki siyosiy oila o‘rtasidagi ziddiyatning navbatdagi keskinlashuvi sifatida baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH hukumati Filippin Qurolli kuchlariga 4 ta Ocean Aero Triton avtonom suvosti va suvusti apparatini topshirgandi.
Live
Barchasi