“Taxtaqoracha” dovonida pulli tunnel quriladi

Jamiyat

image

Joriy yilda “Taxtaqoracha” dovoni orqali o‘tadigan pulli tunnel qurilishi bo‘yicha kelishuv imzolanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda kecha, 11 iyul kuni Transport vaziri Ilhom Mahkamov parlament yig‘ilishi davomida deputatning savoliga javoban ma’lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Samarqand va Qashqadaryo viloyatlariga tashrifi chog‘ida Transport vazirligiga “Taxtaqoracha” dovonida 7 km uzunlikdagi pullik tunnel qurish vazifasini qo‘ygan. 

“Bugungi kunda uchta kompaniya loyihalashtirish bilan shug‘ullanmoqda. Tunnel qurilishi bir qator qiyinchiliklarga ega. Bu birinchi navbatda geodeziya va geologiya ishlarini amalga oshirish bilan bog‘liq, shuning uchun biroz vaqt kerak bo‘ldi”, degan vazir. 

Mahkamovning qo‘shimcha qilishicha, xususiy tadbirkorlar ushbu topshiriqni yakunlab, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini taqdim etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. 

“Avgust oyida uchta da’vogar orasidan g‘olibni aniqlaymiz va u bilan shartnoma tuzamiz”, degan vazir. 

Ma’lumot uchun, dovondan tashqari O‘zbekistonda Toshkent – Samarqand va Toshkent – Andijon yo‘nalishlari bo‘ylab pulli yo‘llar qurilishi tasdiqlangan. Toshkent – Andijon yo‘nalishi 2024 yilda 4,65 mlrd dollarga baholangan bo‘lsa, Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi yo‘l qiymati 1,4 mlrd dollarni tashkil etadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish doirasida pullik yo‘llar qurish sanasi e’lon qilingan edi.

Qarorga ko‘ra, Toshkent – Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha avtoyo‘l qurilish ishlari joriy yilda amalga oshiriladi. Toshkent – Andijon yo‘nalishi bo‘yicha avtoyo‘lini barpo etish ishlari 2026 yilga belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

dovon Taxtaqoracha Ilhom Mahkamov pulli tunnel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing