Tailandda ikki o‘zbekistonlik 26 kg kannabis bilan ushlandi
3-sahifa
−
02 iyul 2878 2 daqiqa
Kecha, 1 iyul kuni Tailandni tark etishi kerak bo‘lgan ikki O‘zbekiston fuqarosi Puket xalqaro aeroportida bojxona xodimlari tomonidan yuklari ichiga yashirilgan 26 kilogrammdan ortiq kannabis bilan ushlandi. Shundan so‘ng ular hibsga olingan. Bu haqda “Thaiger” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Puket xalqaro aeroporti bojxona xodimlari tegishli idoralar bilan hamkorlikda bagajlarni tekshirish paytida bir nechta chamadonlar ichiga yashirilgan quritilgan kannabis gullari, kannabis smolasi va qayta ishlangan kannabis mahsulotlarini aniqlagan.
Bojxona rasmiylarining ma’lum qilishicha, ushbu shaxslar kannabis mahsulotlarini zarur bojxona tartib-taomillaridan o‘tkazmasdan Tailanddan olib chiqib ketishga uringanlikda ayblanmoqda.
Birinchi gumonlanuvchi, 26 yoshli J.B. ning jami to‘rtta yuki orasidan ikkita shubhali chamadon ajratib olingan. Tekshiruv natijasida u yerdan qadoqlari bilan birgalikda umumiy vazni 9,8 kilogramm bo‘lgan 30 ta vakuumli paketdagi quritilgan kannabis gullari, shuningdek, vazni 1,03 kilogramm bo‘lgan 14 ta qayta ishlangan kannabis plitkalari topilgan.
Ikkinchi gumonlanuvchi, 26 yoshli M.N. ning ham yuklari ko‘zdan kechirilgan. Bojxona xodimlari uning yuklari orasidan vazni 9,8 kilogramm bo‘lgan 30 ta quritilgan kannabis gullari paketini, vazni 4,1 kilogramm bo‘lgan sakkizta qopchada kannabis smolasini hamda qadoqlari bilan hisoblaganda umumiy vazni ikki kilogramm bo‘lgan bitta paket, beshta plitka va to‘qqizta blokdan iborat qayta ishlangan kannabis mahsulotlarini topgan.
Gumonlanuvchilarga dastlab 2017 yildagi Bojxona qonuniga binoan bojxona tartib-taomillarini bajarmasdan qirollikdan tovarlarni olib chiqishga urinish aybi qo‘yilgan.
Shuningdek, rasmiylar Tailandning giyohvandlik vositalari to‘g‘risidagi qonunchiligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining nazorat qilinadigan o‘simliklar (shu jumladan, kannabis) bo‘yicha ko‘rsatmalari buzilganini da’vo qilmoqda.
“Amarin TV” xabariga ko‘ra, hibsga olingandan so‘ng xodimlar keyingi qonuniy choralarni ko‘rish uchun har ikki gumonlanuvchini va musodara qilingan ashyolarni Saxu politsiya mahkamasi tergovchilariga topshirgan.
Bojxona departamentining bildirishicha, Tailanddan kannabisni noqonuniy olib chiqib ketishga urinish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Qonunbuzarlar sodir etilgan jinoyat turi va sud qaroriga qarab, kannabisning har bir kilogrammi uchun 30 000 bat miqdorida jarima yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Malayziyaga sayohatga borgan 3 nafar o‘zbekistonlik narkotik bilan qo‘lga tushib, o‘lim jazosiga hukm qilingani haqida xabar berilgan edi. Keyinroq esa ularning tirik ekani va jazo muddatini o‘tayotgani ma’lum bo‘ldi.