Tailand malikasi 47 yoshida olamdan o‘tdi

Olam

image
Tailand qirolining katta qizi, malika Bajrakitiyabxa Narendira Debyavati 47 yoshida vafot etdi. Bu haqda mamlakat Qirollik saroyi xabar berdi.
 
Ma’lum qilinishicha, malika 11 iyun kuni kechqurun sog‘lig‘ining og‘irlashishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. U deyarli to‘rt yil davomida koma holatida bo‘lgan.
Malika 2022 yil dekabr oyida Nakxon Ratchasima viloyatiga tashrif buyurgan vaqtida yurak bilan bog‘liq kasallik sabab hushidan ketgan va shundan so‘ng vertolyotda Bangkokka olib kelinib, shifoxonaga yotqizilgan edi.
 
Qirollik saroyi bayonotiga ko‘ra, keyingi yillarda uning ahvoli qorin bo‘shlig‘i infeksiyasi, kolit, qon bosimining pasayishi, yurak ritmi buzilishi va qon ivishi bilan bog‘liq muammolar tufayli yanada og‘irlashgan.
 
Xalq orasida “Malika Pa” nomi bilan tanilgan Bajrakitiyabxa 1978 yil 7 dekabrda o‘sha paytdagi valiahd shahzoda Maxa Vajiralongkorn va uning birinchi rafiqasi malika Soamsavali oilasida tug‘ilgan. U AQSHdagi Cornell University universitetida huquq sohasida tahsil olgan, magistr va doktorlik darajalarini qo‘lga kiritgan. 2006–2011 yillarda Tailand Bosh prokuraturasida huquqshunos sifatida faoliyat yuritgan.
 
2012–2014 yillarda Tailandning Avsriya, Sloveniya va Slovakiya davlatlaridagi elchisi bo‘lib ishlagan. Keyin esa Bangkokdagi prokuratura tizimiga qaytgan. Malika qamoqdagi ayollar, ayniqsa homilador mahkumalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan xayriya tashkilotiga ham asos solgan.
 
2017 yilda u BMTning jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha komissiyasi tomonidan Janubi-Sharqiy Osiyoda qonun ustuvorligi bo‘yicha ezgu niyat elchisi etib tayinlangan. 2021 yilda malika armiya xizmatiga o‘tib, general harbiy unvoniga sazovor bo‘lgan va Qirollik xavfsizlik qo‘mondonligi shtabi boshlig‘i sifatida xizmat qilgan.
 
Bajrakitiyabxa Tailand qiroli Maxa Vajiralongkornning rasmiy unvonga ega bo‘lgan va mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra taxt vorisi bo‘lish huquqiga ega uch farzandidan biri edi.
 
Qirollik saroyi malikaning dafn marosimlari davlat darajasida o‘tkazilishini ma’lum qilgan. Shuningdek, mamlakat hukumati milliy motam e’lon qilishi kutilmoqda.

Maqola muallifi

Teglar

Tailand Malika Pa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing