Taglik va tish cho‘tkalari kabi “xavfli” tovarlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bekor qilinadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda xavf darajasi yuqori bo‘lgan 7 ta tovar guruhidagi mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinadi. Bu haqda bugun, 18 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tayotgan dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning O‘zbekiston soha va tarmoqlariga ta’sirini yumshatish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

“Bir so‘z bilan aytganda, biz mahsulotlarning bozorga kirishini yengillashtirib, uni realizatsiyasidagi nazoratni kuchaytiramiz. Bu xalqaro amaliyotda o‘zini oqlagan”, dedi Prezident.

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 14 avgustda qabul qilingan va shu yili 15 noyabrdan kuchga kirgan “Mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va muvofiqlikni baholash tartiblariga oid nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida “Xavf darajasi yuqori” mahsulotlar sifatida quyidagi 7 xil tovarlar guruhi qayd etilgan:

  • bolalar uchun so‘rg‘ichlar;
  • 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun bosh kiyimlar;
  • pijama, ichki shim, pantalon, issiq ko‘ylak (fufayka), ichki ko‘ylak (kombinatsiya), mayka, taglik, qalpoqcha, slayder, kalta ko‘ylak (bluzka), ichki kiyim, tugmasiz yaktakcha (raspashonka) va shunga o‘xshash 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar kiyimlari
  • paypoqli ishtonchalar (kolgotka), paypoqlar, uzun paypoq (chulki) va yarim uzun paypoqlar (yarim chulki) hamda shunga o‘xshash 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar kiyimlari;
  • namlikni yutuvchi materiallar (tagliklar), shuningdek, gigiyenik paxta tayoqchalar (burun va quloqni tozalashga) va bolalar uchun mo‘ljallangan shunga o‘xshash boshqa mahsulotlar;
  • 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni ovqatlantirish uchun idishlar;
  • tish cho‘tkalari.

Mazkur qaror bilan yuqorida sanalgan tovarlarni majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazish belgilangan edi. Biroq hali mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish amaliyoti qachondan bekor qilinishi noma’lum.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda 1 iyuldan boshlab birorta tovar eksportiga cheklov bo‘lmasligi e’lon qilingandi. Faqat 86 ta tovar guruhiga kirgan xomashyo va ijtimoiy ahamiyati yuqori mahsulotlarga nisbatan eksport bojlari joriy qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

videoselektor tovar Taglik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing