Energetika sohasida o‘qiydigan yuqori kurs talabalari dual ta’limga o‘tkaziladi

Jamiyat

image

Yangi o‘quv yilidan boshlab oliygohlardagi yoqilg‘i-energetika yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qiydigan 3-kurs talabalarining yarmi hamda 4-kurs talabalarining barchasi dual ta’limga qamrab olinadi. Bu haqda bugun, 27 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.

Davlat rahbari yig‘ilishda iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish uchun barcha sohalarda, xususan, energetikada zamonaviy kadrlar zarurligini ta’kidlagan. Qayd etilishicha, hozir 25 ta texnika oliygohida bu yo‘nalishda yiliga 5,5 ming mutaxassis tayyorlanmoqda.

“Ochig‘i, ta’lim amaliyot bilan bog‘lanmagani uchun bitiruvchining ishga kirishib ketishiga 2-3 yil ketyapti”, degan Prezident.

Videoselektorda mas’ullarga bir oyda oliygohlardagi yoqilg‘i-energetika yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim dasturlarini to‘liq yangilash topshirilgan. Shuningdek, joriy yil 1 sentabrgacha laboratoriya va poligonlarni yangi talablarga moslashtirish boshlanadi.

Ma’lum qilinishicha, yangi o‘quv yilidan 3-kurs talabalarining yarmi, 4-kurs talabalarining barchasi dual ta’limga qamrab olinadi. Chunki kelgusi 2-3 yilda quyosh va shamol generatorlari, elektr zaryadlash uskunalari kabi yo‘nalishlarda minglab mutaxassislarga ehtiyoj paydo bo‘ladi.

Yana qayd etilishicha, Saudiya Arabistonining “ACWA” kompaniyasi Shirin energetika texnikumini jihozlab, yiliga 220 nafar yoshni yangi kasblarga tayyorlamoqda. Yangi o‘quv yilidan Qoraqalpog‘iston, Buxoro va Navoiydagi bittadan texnikumda ham ushbu tajriba joriy etiladi.

Shuningdek, yig‘ilishda mutasaddilarning hisobotlari tinglangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur yig‘ilishda tadbirkorlarga o‘zi import qilgan yoki birjadan xarid qilgan suyultirilgan gazni aholi hamda biznes sub’ektlariga yetkazib berishga ruxsat berilishi haqida ma’lum qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing