Tadbirkorning soliq yuki 3-4 karra kamayadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda joriy yil 1 noyabrdan boshlab tadbirkorlar uchun barcha mobil to‘lov ilovalari orqali hisob-kitob qilish imkonini beradigan universal QR-kod beriladi. Bu haqda bugun, 20 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, mamlakatda 40 dan ziyod elektron to‘lov tashkilotlari mavjud bo‘lib, aholi o‘ziga qulay mobil ilovadan foydalanmoqda. Endi 1 noyabrdan boshlab tadbirkorlar uchun barcha mobil to‘lov ilovalari orqali hisob-kitob qilish imkonini beradigan universal QR-kod beriladi.

Yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan barcha tadbirkorlar kelasi yil 1 yanvardan bir xil, ya’ni aylanmadan 1 foiz soliq to‘lashga o‘tkaziladi. Masalan, hozir aylanmasi 100 million so‘mgacha bo‘lgan yakka tadbirkor yillik 12 million so‘mgacha qat’iy soliq o‘rniga ko‘pi bilan 1 million so‘m to‘laydi. Yoki aylanmasi 100 milliondan 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkor aylanmadan ilgari 30-40 million so‘m soliq to‘lagan bo‘lsa, endi uning soliq yuki 3-4 karra kamayadi.

“Umuman, yaratilayotgan sharoitlar orqali yakka tadbirkorlar hisobida yiliga 1 trillion so‘m, tasavvur qilyapsizlarmi, 1 trillion so‘m qolyapti. Bu – kichik biznes uchun qo‘shimcha resurs, yakka tadbirkorlar o‘z biznesini keyingi bosqichga olib chiqishi uchun yana bir imkoniyat”, dedi Prezident.

Davlat rahbari tadbirkorlikning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha ham mutlaqo yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Ularning barchasi bugundanoq kuchga kiradi. Jumladan, qisqa muddatda va tez daromad beradigan ish o‘rinlari yaratishda eng samarador yo‘nalishlardan biri bo‘lgan xizmatlar sohasi jadal rivojlantiriladi.

Yil boshidan O‘zbekistonga 7 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, 15 million aholi mamlakat bo‘ylab ichki sayohatga chiqdi. Kelasi 3-4 yilda xorijiy turistlarning yillik oqimi kamida 15 millionga yetadi. Shu bois turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur boshlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

soliq Shavkat Mirziyoev Tadbirkor to'lov ilovalari universal QR-kod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing