Tadbirkorlik kodeksi Senatda ma’qullandi
Jamiyat
−
15 avgust
2896Senatning 55-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun ma’qullandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ jurnalisti Senat majlisidan xabar berdi.
Qayd etilishicha, qonun bilan tasdiqlanayotgan Tadbirkorlik kodeksida 100 dan ortiq qonunchilik hujjatlarini unifikatsiya qilish nazarda tutilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Mazkur kodeks tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning yagona tizimi bo‘lib, tadbirkorlik faoliyatining erkinligi va qonuniyligini ta’minlash, sub’ektlar tengligi, halol raqobat, vijdoniylik prezumpsiyasi, korrupsiyadan xolis bo‘lish kabi asosiy prinsiplarni o‘z ichiga oladi.
Kodeksda fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi va undan manfaatdor bo‘lishi uchun kafolatlar hamda sharoitlar yaratish, xususiy mulk, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish asosiy vazifa sifatida belgilanmoqda.
Kodeks bilan tadbirkorlik sub’ektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratilmoqda (amalda toifa sifatida faqat kichik tadbirkorlik sub’ekti mavjud edi).
Yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan faoliyat turlari belgilangan holda ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda.
Tadbirkorlik kodeksining qabul qilinishi tarqoq qonunchilik hujjatlarini yagona hujjatga birlashtirish, tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarini barqarorlashtirish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni belgilashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Senat “O‘zbekiston Respublikasi Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonunni ma’qulladi.
LiveBarchasi