Tadbirkorlik faoliyati – global bozorlarga chiqishda katta imkoniyat

Jamiyat

image

Ma’lumki, xalqimiz azal-azaldan o‘zining yuksak ishbilarmonlik salohiyati, tadbirkorlik qobiliyati bilan nafaqat mintaqamizni, balki dunyoni hayratga solgan. Mazkur salohiyatdan kelib chiqib davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda yurtimizda tadbirkorlarga yanada imkoniyat yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida sezilari ishlar amalga oshirildi.

Olib borilgan islohotlar natijasida 2021 yildan boshlab mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida yangi sahifa ochildi. Jumladan, 2021 yildan boshlab har yili avgust oyida davlat rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Mazkur muloqot doirasida bevosita va onlayn shaklda o‘ng mingdan ortiq tadbirkorlar ishtirok eta boshlashdi.

Mazkur muloqotlar oldidan tadbirkorlar faoliyatiga mas’ul bo‘lgan mutasaddilar tomonidan tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni yig‘ish, o‘rganish, tahlil qilish hamda tizimlashtirish tartibi joriy etildi. Natijada tadbirkorlardan yiliga 10 mingdan ortiq murojaatlar tushib, ularning aksariyati vaqtida hal qilina boshlandi. 

Ko‘tarilayotgan muammolarning mohiyati, tizimliyligiga qarab ularni hal etish maqsadida maxsus qonun, farmon va qarorlar ishlab chiqildi, mavjudlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Shu yo‘l bilan yuzlab litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi, o‘nlab faoliyat turi xabardor qilish tartibiga o‘tkazildi. Ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartiblari soddalashtirilib, muddatlari o‘rtacha 2 baravarga qisqartirildi. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo‘yicha ko‘plab cheklovlarga barham berildi.

Bugungi bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ham aynan davlatimiz rahbari mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatiga e’tibor qaratish, sohadagi mavjud muammolarni hal etish borasida kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sohaning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish va rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga yana bir bor e’tibor qaratdi. Xususan, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek yurtimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bu – mamlakatimizni tanlab olgan strategik yo‘lidir. 

Chunki, respublikamizda tadbirkorlik qancha tez rivojlansa, mamlakatimiz shuncha qudratli bo‘ladi, xalqimiz shuncha farovon yashaydi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari O‘zbekistonda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, kichik va o‘rta biznes qo‘llab-quvvatlash borasida 2025 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan quyidagi asosiy maqsad va vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Birinchidan, joriy yilda kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini 55 foizga ko‘tarib, 70 mlrd AQSH dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish.

Ikkinchidan, yangi bozorlarga kirib borishda transport, sertifikat va standart masalalariga ko‘maklashib, kichik biznes eksportini o‘tgan yilgi 9 mlrd. dollardan 12 mlrd. dollarga olib chiqish.

Uchinchidan, ichimlik suvi, kanalizatsiya, yo‘l, qurilish, kommunal xo‘jalik, yetkazib berish, utilizatsiya, migratsiya, madaniyat va ijtimoiy xizmatlarda kichik biznes ulushini 2-3 karra oshirish.

To‘rtinchidan, 1,5 mln. nafar doimiy ish o‘rni tashkil qilib, sohada band aholi ulushini 75 foizga yetkazish.

Xulosa qilib aytganda, davlat rahbarining siyosiy irodasi, tashabbusi va bevosita rahbarligida mamlakatimizda tadbirkorlik tafakkuri qayta uyg‘onmoqda. Bugungi bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda belgilangan vazifalarni amalga oshirilishi orqali minglab yangi ishbilarmonlar paydo bo‘ladi. Bu esa nafaqat tadbirkorlarimizni, balki ularning tovar va hizmatlarini global bozorlarga olib chiqishga katta imkoniyatlar eshigini ochadi hamda ishbilarmonlarimiz Yangi O‘zbekiston iqtisodiyotini barpo etish yo‘lidagi hal qiluvchi kuchga aylanadi. 

Nodirbek Rasulov
iqtisodiyot fanlari doktori


Maqola muallifi

Teglar

tadbirkorlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing