Samarqandda xaker yigit mashhur tadbirkorlarni chuv tushirdi
3-sahifa
−
21 iyul
27068Samarqand viloyatida mashhur tadbirkorlarning Telegram akkauntlaridan foydalanib, ularni katta pulga chuv tushirgan 20 yoshli yigitga 1 yil 7 oy muddatga ozodlikdan cheklash jazosi berildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yigit tadbirkorlarning ismi bilan sahifa ochgan va profillarga ularning fotosuratlarini joylashtirgan. Shundan keyin o‘sha tadbirkorlarning qo‘l ostida ishlayotgan xodimlarning kontaktlarini topgan.
“Avvaldan tanib, kuzatib yurardim. Instagram'da profillari chiqib qolardi. Ularning intervyularini ham ko‘rib yurardim. Instagram'dan ularning rasmlarini oldim. Ismini yozib, tadbirkorlar profili sifatida ularning menejer va ishchilariga yozganman. Hech kim pul nima uchunligi haqida so‘ramay, pullarni tashlab bergan”, deydi yigit.
Sudlanuvchi yigit chuv tushirgan odamlarga o‘zidagi kartalarning raqamlarini yozib yuborgan va pullarni tushirib olgan. Shu tariqa xaker yigit bir tadbirkordan jami 36 million, yana boshqasidan esa jami 43 million so‘m undirgan.
“Rahbarimiz nomidan pul kerak, pul tashlab ber, degan xabar keldi. Men ham javob qaytarib, pul tashlab beraverganman. Jami 43 million so‘m o‘tkazganman”, deydi chuv tushgan tadbirkorning ishchilaridan biri.
Holat yuzasidan o‘tkazilgan sudda yigit pullarni onlayn qimor o‘yinlarida yutqazib qo‘ygani, qilmishlari oshkor bo‘lgach, u yashab turgan uyini sotib, tadbirkorlarga yetkazilgan zararni qoplab berganini bildirgan.
Sud yigitga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan firibgarlik) bilan 1 yil 7 oy muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda nigeriyalik “qarindoshi”ga 90 ming dollar o‘tkazgan ayol chuv tushgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi