Tadbirkorlarning xorijga chiqish salohiyati oshiriladi
Biznes
−
11:00 661 2 daqiqa
Bugun, 17 yanvar kuni O‘zbekistonda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish hamda aholi turmush darajasini yanada yaxshilash maqsadida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 60 dan ortiq xorijiy davlatlar elchilari va mahalliy tadbirkorlar ishtirok etdi.
Mazkur uchrashuv Savdo-sanoat palatasi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashabbusi bilan Toshkent shahrida ilk bor ochiq va oflayn formatda tashkil etildi. Tadbir tadbirkorlar va xorijiy diplomatik vakillar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratildi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi o‘zbekistonlik tadbirkorlarning xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyatlarini muhokama qilish, eksport va investitsiya sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan bevosita fikr almashish, elchilar orqali xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish hamda aniq taklif va tashabbuslarni ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ldi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev o‘z nutqida o‘zbekistonlik fuqarolarni xorijiy davlatlarda rasmiy ish bilan ta’minlash ko‘lamini kengaytirish muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu nafaqat bandlikni oshiradi, balki aholi turmush sifati yaxshilanishiga ham xizmat qiladi.
Muloqot davomida tadbirkorlar o‘z loyihalari, eksport rejalari hamda investitsiyaga oid masalalar bo‘yicha savollarini bevosita xorijiy elchilarga taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shuningdek, elchilarga o‘zbekistonlik tadbirkorlar, aholi va yoshlarning xorijda ishlash, o‘qish va faoliyat yuritish jarayonlarida yaqindan ko‘maklashish vazifalari yuklatildi.
Mazkur ochiq muloqot mamlakat iqtisodiyoti rivojiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga hamda O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasidagi ushbu videoreportajni tomosha qiling.
Live
Barchasi