Bir mamlakat, turli imkoniyatlar: nega hammaning manzili Toshkent?

Tahlil

−

Reklama
0:00

Ertalab Toshkent ko‘chalariga qarasangiz, bu shahar shunchaki poytaxt emasligini his qilasiz. Kimdir ishga shoshmoqda, kimdir universitetga. Kimdir esa dardiga davo izlab yo‘lga chiqqan, yana kimdir yangi ish umidida. Poytaxtga kelayotganlarning hikoyasi har xil. Ammo ularning ko‘pchiligida bitta umumiy savol bor: “Agar kelajagimni qurmoqchi bo‘lsam, nega aynan Toshkentda?” Qalampir.uz jamoasi bu mavzu yuzasidan fuqarolar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi va masalani chuqurroq o‘rganishga harakat qildi. “Nima sababdan aynan Toshkentda faoliyatingizni olib borayapsiz?” deya fuqarolarga yuzlandik. Javoblar turlicha. Biroq o‘xshashliklar ham yo‘q emas. Mikrofon tutgan yo‘lovchilarning ko‘pchiligi poytaxtda oylik daromad yuqoriroq bo‘lgani uchun shu yerda yashayotganini aytdi.

“Men shu yerda o‘qiyman ham, ishlayman ham. O‘zim bemalol yarim ish kunida topgan pulimni kontraktimga, yeb-ichish va ijara xarajatlarimga yetkaza olaman”, deydi suhbatdoshlardan biri.

Yana bir yo‘lovchi esa: “Viloyatda kasbim bo‘yicha ish topa olmadim. Topsam ham, oylik daromadi meni qoniqtirmaydi”, dedi.

Demak, odamlar faqat “poytaxt zo‘r”, baland-baland binolar borligi uchun emas, balki o‘z mehnati evaziga ko‘proq daromad topish va professional o‘sish imkoniyatini izlab keladi. Bundan kelib chiqadiki, Toshkentning o‘ziga tortuvchi asosiy jihatlaridan biri – iqtisodiy imkoniyatlar. Ammo gap faqat maoshda emas. Tasavvur qiling, bir yosh yigit viloyatda universitetni tugatdi. Endi uning diplomi va kasbi bor. Ishlashga ishtiyoqi ham yetarli. Lekin o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topgan taqdirda ham, maoshi unchalik yuqori emas. Toshkentda esa shu kasb bo‘yicha bir nechta kompaniya bor. Birining maoshi yuqori, ikkinchisida tajriba orttirish imkoniyati mavjud. Uchinchisida esa xorijiy kompaniyalar bilan ishlash, professional o‘sish va yangi tanishlar orttirish mumkin. Shunda uning oldida tanlov paydo bo‘ladi: “Uyimga yaqinda bo‘laymi yoki imkoniyatlar ortidan ketaymi?” Ko‘pchilik ikkinchi variantni tanlaydi. Chunki bugungi mehnat bozorida odam faqat ish joyini emas, balki kelajakdagi rivojlanishini ham o‘ylaydi.

Biroq Toshkentga intilishning o‘z narxi ham bor. Ko‘pchilik buni keyinroq tushunadi. Masalan, ish haqi yuqoriroq bo‘lishi mumkin, lekin uy-joy va ijara xarajatlari ham katta. Transportga ko‘p vaqt ketadi. Katta tirbandlik va shaharning doimiy shovqinini aytmasa ham bo‘ladi.

Menimcha, gap faqat maoshda emas. Asl muammo – mamlakatdagi imkoniyatlarning haddan tashqari markazlashib qolganida. Biz talabalarga ham “Nega aynan Toshkentda o‘qiyapsiz?” deya savol berdik. Ular O‘zbekistonning turli viloyatlaridan poytaxtga kelib, nufuzli oliygohlarda tahsil olayotganini aytdi.

“Men Buxorodan o‘qish uchun kelganman. Bu yerda o‘qituvchilar o‘z kasbining ustalari, yaxshi bilim berishadi. Shu sababli aynan poytaxtni tanlaganman”, deydi so‘rovnoma ishtirokchilaridan biri.

So‘rovnomada qatnashgan yana bir qiz esa shunday dedi: “Men Qashqadaryodanman. Bu yerga o‘qish uchun kelganman. Agar bu yerdagi oliygohlar ustozlari bilan birga bizning Qashqadaryoda ham ochilganida, jon deb o‘qirdim”.

Toshkentga faqat ta’lim yoki ish izlab kelinmaydi. Ba’zilar uchun poytaxt – malakali tibbiy yordam olish imkoniyati hamdir. Toshkentdagi ko‘pchilikning nomini eshitgandayoq xavotirga tushadigan shifoxonalaridan biri – Respublika onkologiya markaziga bordik. Uch oy oldin oshqozondan operatsiya bo‘lgan bir kishi suhbatni markaz shifokorlaridan minnatdorlik bildirish bilan boshladi.

“Men Jizzax viloyatidan kelganman. Yaqinda operatsiyadan chiqdim, ahvolim yaxshi. Agar viloyatlarda ham shunday katta muassasalar va malakali shifokorlar bo‘lganida, yanada qulay bo‘lar edi”, deydi u.

Batafsil YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
 


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing