Tadbirkorga berilgan imtiyozni qo‘llamagan soliq organi xodimi javobgarlikka tortildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi 
PF-5969-sonli Farmoniga muvofiq, tadbirkorlarga bir qator imtiyoz
va preferensiyalar berildi. Jumladan, 2020 yil 1 oktyabrgacha bo‘lgan davrda soliq organlari vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga mol-mulk, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha penyalar hisoblanishini to‘xtatib turishi belgilandi. Shuningdek, soliq qarzini majburiy undirish choralari ko‘rilmasligi ham ko‘rsatib o‘tildi.

Biroq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tuman davlat soliq inspeksiyasi vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan “TITAN CEMENT” MCHJning mol-mulk va yer solig‘idan jami 1 153 514 745,39 so‘mlik soliq qarzdorligini undirish bo‘yicha jamiyatning bank hisob-raqamiga inkasso topshiriqnomalari qo‘yib, majburiy undirish choralarini ko‘rgan.

Biznes-ombudsman devoni xodimlari aralashuvi bilan tadbirkorning hisob-raqamiga qo‘yilgan inkasso topshiriqnomalari olinishi ta’minlandi. Ushbu qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygan Qorao‘zak tuman DSI xodimiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Qorao‘zak tuman ma’muriy sudining qarori bilan Qorao‘zak tuman DSIning mansabdor shaxsiga nisbatan 2 230 000 so‘m jarima qo‘llanildi.

Vaholanki, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida” gi Qonunining 301-moddasiga asosan davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari qonun hujjatlarida berilgan imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llash tartibini o‘z vakolatlari doirasida tushuntirishi, shuningdek, ularning qo‘llanilishini ta’minlashi shartligi belgilangan.
 


Maqola muallifi

Teglar

tadbirkor Soliq preferentsiya

Baholaganlar

131

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing